16 oktabr kuni imzolangan prezident qaroriga ko‘ra, Toshkent shahriga kirib keluvchi yo‘lovchi transportlar uchun 6 ta metro bekati atrofida avtoturargohlar tashkil etiladi. Bu haqda «Huquqiy axborot» Telegram kanali xabar berdi.

Shuningdek, 2022 yil 1 iyulgacha 7 ta metro bekatida (Beruniy, Chorsu, Paxtakor, Olmazor, Turkiston, Qo‘yliq bozori, Chilonzor) transport o‘tish bog‘lamalari tashkil etiladi.

Bundan tashqari, 2022 yil 1 oktabrgacha Toshkent shahriga kirib keluvchi yo‘lovchi transportlar uchun 6 ta metro bekati (Turkiston, Yunusobod, Chilonzor va yer usti halqa liniyasining 3, 4 va 5-bekati) atrofida avtoturargohlar tashkil etiladi.

1 yanvardan quyidagi ma’lumot va xizmatlarni o‘z ichiga oluvchi mobil ilova ishga tushiriladi:

  • metropoliten yo‘nalishlari (ularning qurilishi bo‘yicha ma’lumotlar);
  • bekatlar (ular atrofida joylashgan obyektlar va jamoat transporti yo‘nalishlari);
  • poyezdlar harakati jadvali;
  • elektron to‘lov.

2022 yil 1 aprelgacha yer usti halqa metro bekati yo‘nalishida yo‘lovchilar uchun bepul WI-FI tizimi bilan bog‘lash va yer osti metro bekatlarida mobil aloqa operatorlari xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari yaratiladi.