Ayollar kurashi bo‘yicha mamlakat kubogi Xorazm jamoasiga nasib etdi

Navoiy shahridagi Yakkakurash turlariga ixtisoslashtirilgan Bolalar-o‘smirlar sport maktabi zalida o‘tkazilgan ayollar kurashi bo‘yicha O‘zbekiston kubogi yakuniga yetdi.

Musobaqada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahridan 100 nafarga yaqin 2006−2007 yillarda tavallud topgan o‘smir qizlar medallar uchun bahs olib borishdi.

Xorazm viloyati ayollar kurashi jamoasi mamlakatda yetakchi hisoblangan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Navoiy viloyati jamoalarini ortda qoldirib, O‘zbekiston kubogi sohibiga aylandi. Qoraqalpog‘istonlik kurashchi qizlar ikkinchi o‘rinni band etishgan bo‘lsa, kuchli uchlikka mezbonlar Navoiy viloyati jamoasi yakun yasab berdi.

O‘zbekiston chavandozlari Yevroosiyo kubogida g‘alaba qozondi

7−10 oktabr kunlari Rossiyaning Moskva shahrida ot sportining konkur yo‘nalishi bo‘yicha Yevrosiyo kubogi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston terma jamoasi sportchilari muvaffaqiyatli ishtirok etishdi.

Musobaqa yakunlariga ko‘ra, Bekzod Qurbonov “King Sornet L” laqabli oti bilan turnirning mutlaq chempioniga aylandi, Umid Kamilov esa “Nero Uno Rafael” laqabli otda kumush medalini qo‘lga kiritdi. Yana bir o‘zbekistonlik chavandoz A’zam Tolibboyev o‘zining “Lady” laqabli otida faxriy to‘rtinchi o‘rinni band etdi.

Boks. Shahram G‘iyosov va Hasanboy Do‘smatov terma jamoaga qaytishdi

Serbiyada bo‘lib o‘tadigan boks bo‘yicha jahon chempionatida qatnashadigan O‘zbekiston terma jamoasi tarkibi e’lon qilindi. Yakuniy ro‘yxatda professional bokschilar Shahram G‘iyosov va Hasanboy Do‘smatov ham bor.

O‘zbekiston terma jamoasi o‘rtoqlik uchrashuvlarida Malayziyani mag‘lub etdi, Iordaniyaga yutqazdi

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Malayziya va Iordaniya terma jamoalariga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazdi. Malayziya termasini 5:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan O‘zbekiston terma jamoasi, Iordaniyaga 3:0 hisobida mag‘lub bo‘ldi.

“Odil Junior” O‘zbekiston U-14 chempionati g‘olibiga aylandi

4−14 oktabr kunlari U-14 chempionati bo‘lib o‘tdi. Unda Superliga va Pro-Liga qoshidagi futbol akademiya va maktablari tarbiyalanuvchilari, shuningdek, xususiy futbol akademiyalar ham ishtirok etdi.

19 ta jamoa 5 ta guruhga bo‘lingan holda musobaqani boshladi. Shulardan “Xorazm”, “Paxtakor”, “Navbahor” va “Odil Junior” jamoalari yarim finalga qadar yetib keldi. Yarim finalda “Xorazm” “Paxtakor"ni, “Odil Junior” “Navbahor” ni mag‘lubiyatga uchratdi.

3-o‘rin uchun kechgan bahsda “Paxtakor” “Navbahor"ga qarshi o‘ynadi va 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Final uchrashuvida “Odil Junior” jamoasi “Xorazm” ga qarshi bahs olib bordi va 6:0 hisobida zafar quchdi.

Foto: O‘zPFL matbuot xizmati

O‘FA prezidenti Abdusalom Azizov yig‘ilish o‘tkazdi

Unda har bir yo‘nalish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar hisoboti rahbariyatga taqdim etildi va keyingi rejalar muhokama qilindi.

Terma jamoalar bo‘limiga yangi tayinlangan mutaxassis Usmon Toshev terma jamoalarni muvofiqlashtirish bo‘yicha amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ishlar haqida to‘xtaldi. Assotsiatsiya rahbari hududiy futbol assotsiatsiyalari faoliyatini yanada kuchaytirish talabini qo‘ydi. Bolalar va o‘smirlar futbolidagi vaziyatlarni jiddiy tahlil etish, muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish, turnirlar ishtirokchilariga qulay shart-sharoitlar yaratish, seleksiya ishlarini yuqori darajaga olib chiqish borasida topshiriqlar berildi. Shuningdek, ayollar futboliga ham alohida to‘xtalib, yechimini kutib turgan masalalar yuzasidan takliflar bildirildi.

Foto: O‘FA matbuot xizmati

Yig‘ilish davomida futbol agentlari faoliyatini tartibga solish, 2022 yilda O‘zPFL musobaqalarini yuqori saviyada o‘tkazish, keyingi yilgi reglamentda klublarga qo‘yiladigan talablar, xususan, maydonlarni o‘yinlarga tayyorlash va tashkilotchilik yuzasidan tavsiyalar berildi.

Abdusalom Azizov har bir yo‘nalish bo‘yicha ishlarni tizimli va sifatli tashkil etish, o‘zbek futboliga nojo‘ya ta’sir qiluvchi holatlarni yo‘qqa chiqarish bo‘yicha qat’iy talablar qo‘ydi. Bo‘limlarning ish rejalari ko‘rib chiqilib, kerakli tavsiyalar berildi va aniq vazifalar belgilandi.

Jaloliddin Masharipov o‘z jamoasida dubl qayd etdi

O‘zbekiston terma jamoasi futbolchisi Jaloliddin Masharipov “Al-Nassr” klubi safida OCHLning chorak finalida “Al-Vahda” jamoasiga qarshi maydonga tushib, ikkita gol va bitta golli uzatma muallifiga aylandi.

“Al-Nassr” klubi 5:1 hisobida g‘alaba qozonib, yarimfinalga yo‘l oldi.

“Gazeta.uz"da chiqqan maqolalar:

Butun shahar — o‘yin maydonchasi. Shahardagi faol dam olish odamlarni qanchalik yaqinlashtirmoqda?

Shahar sport bilan shug‘ullanish va do‘stlar bilan vaqtichog‘lik qilish uchun eng yaxshi joy. Aholining faolligi joylarni o‘zgartiradi va ularga hayot bag‘ishlaydi. “Gazeta.uz” fotomuxbiri Yevgeniy Sorochin toshkentliklar qanday qilib ko‘cha-ko‘yda dam olib, mashg‘ulot o‘tkazayotganini kuzatdi.

“Sportchi kuchli, chempion bo‘lishi mumkin, lekin aqlan yetuk bo‘lmasa, u zaif bo‘ladi” — O‘ktam Rahmonov, dzyudochi Davlat Bobonovning ustozi

Tokiodagi Olimpiada o‘yinlari bronza medali sohibi, dzyudochi Davlat Bobonovning murabbiyi O‘ktam Rahmonov “Gazeta.uz"ga bergan intervyusida nega juda erta murabbiy bo‘lganligi, sportchilar amal qilishi kerak bo‘lgan qoidalar hamda qanday shogirdni orzu qilishi haqida gapirib berdi.