2021 yilning 9 oyi davomida O‘zbekistondagi bog‘chalarda 6,6 mlrd so‘m noqonuniy o‘zlashtirilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda AOKAdagi matbuot anjumanida taqdim etilgan Maktabgacha ta’lim vazirligining Ichki audit xizmati hisobotida aytiladi.

Yanvar-sentabr oylarida vazirlik tizimdagi tashkilotlarda jami 282 ta nazorat tadbiri o‘tkazilib, ulardan 106 tasi (37%) fuqarolarning murojaati asosida bo‘lib o‘tgan.

Tadbirlar davomida ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar hamda tovar moddiy boyliklaridan 6,6 mlrd so‘m kamomad va noqonuniy o‘zlashtirish xolatlari aniqlangan. Shundan ishlamaydigan xodimlar nomiga yozilgan ish xaqilari 2,4 mlrd so‘mni tashkil etadi. Jumladan:

  • Chilonzor tumanidagi 291-sonli MTT 2020−2021 yillarda 8 nafar ishlamagan va vazifalarini bajarmagan xodimlarga 32 mln so‘m;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonliko‘l tumanidagi 1-son DMTTda ishlamagan va vazifalarini bajarmagan xodimlarga 8 mln so‘m;
  • Samarqand shahardagi 58-sonli MTTda 2019−2021 yillarda 5 nafar ishlamagan va vazifalarini bajarmagan xodimlarga 17 mln so‘m noqonuniy xisobdan chiqarilgan.

Bundan tashqari, profilaktika natijasida 5,5 mlrd so‘mlik mablag‘ va tovarlarning talon-taroj bo‘lishi oldi olingan. Jumladan, Andijon viloyatining 9 ta tuman shaharlarida 2,8 mlrd so‘mlik mebel jihozlar buxgalteriya balansiga kirim qilinmaganligi aniqlangan. Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanida 2021 yilning yanvar oyida xarid qilingan mebel jihozlari 5 oydan buyon kirim qilinmasdan kelayotganligi aniqlanib, tashkilot xisobiga kirim qilingan.

Tashkilotlar mulkini qayta xatlar inventarizatsiya qilish natijasida 962 mln so‘mlik tovar moddiy boyliklar ortiqchaligi aniqlanib tashkilot xisobiga qayta kirim qilindi.

Boshqa holatda oziq-ovqat maxsulotlari to‘liq olinmagan bo‘lsada, Navoiy viloyati Xatirchi tumani MTB tomonidan 100% pullarni ta’minotchiga o‘tkazib berish oqibatida 152 mln so‘m muddati o‘tgan debitor qarzdorlik yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan. Shundan 66 mln so‘m 2018−2019 yildan buyon undirilmagan va undirish choralari ko‘rilmagan.

Shuningdek, mulkni sotishdan tushgan mablag‘lardan 242 mln. so‘mi tegishli maxalliy budjetlarning daromadiga o‘tkazib berilmagan.

Bundan tashqari, vazirlikning ma’lum qilishicha, tizimdagi tashkilotlar tomonidan davlat xarid qonunchiligi talablariga amal qilmasdan amalga oshirilgan xaridlar 10,5 mlrd so‘mni tashkil etgan.

O‘tkazilayotgan profilaktika natijasida tovar moddiy boyliklarni xarid qilish va joriy ta’mirlash ishlarini amalga oshirish uchun davlat xaridlari elektron portaliga joylashtirilgan e’lonlar noto‘g‘ri qo‘yilganligi, ya’ni xarid bo‘yicha to‘liq ma’lumotlar joylashtirilmaganligi yoki bajarish muddatlarini sun’iy ravishda kam ko‘rsatilishi natijasida 4 mlrd so‘mlik e’lonlar bekor qilinib, qayta joylashtirilishi ta’minlangan.

9 oylikda jami 265 ta to‘plangan xujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga qonuniy qaror qabul qilish uchun yuborilgan.