13 oktabr kuni Markaziy saylov komissiyasi (MSK) matbuot markazida o‘tkazilgan anjumanda nomzodlarning saylovoldi tashviqoti va amaldagi vazifasida doirasidagi faoliyati aralashib ketayotgani yoki yo‘qligiga ham to‘xtalib o‘tildi.

«Gazeta.uz» muxbiri xabar berishicha, MSK raisi o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorov mazkur masala MSK tomonidan kuzatib borilayotganini ma’lum qildi.

«Kerakli joyda MSK o‘zining fikrlarini bildirayapti va nomzodlarning shtablari bilan ish olib borayapti. Hozirgi kunda bizda qandaydir chegarani buzishda…to‘g‘ri ba’zi holatlarda bilasizlar butun dunyoda bor bu narsa — chegarasi deyiladi. Chegarani belgilash qiyin. Hamma joyda bor, hamma (chegarani belgilash qiyinligini — tahr.) tan oladi. Lekin, bu borada nomzodlarning shtablari bilan MSK ish olib borayapti», — dedi u.

Ta’kidlanishicha, hozirga qadar nomzodlarning saylovoldi tashviqoti va amaldagi vazifasi aralashib ketayotgani borasida shikoyat ham kelib tushmagan.

«Demak bu yerda qanaqadir qonunni buzilishi kuzatilmayapti va yana bir tomoni MSKga saylov jarayonlarida manfaatdor shaxslar yoki boshqa nomzodlar tomonidan bir-birlari to‘g‘risida hali shikoyat yoki murojaat kelib tushgani yo‘q», — dedi MSK raisi o‘rinbosari.

Bahrom Qo‘chqorovning qo‘shimcha qilishicha, MSKga «boshqa manfaatdor tomonlardan ham mana shu holat buzilgani to‘g‘risida ariza berilmagan».

Avvalroq, O‘zLiDeP nomzodi Shavkat Mirziyoyev Xorazmga tashrifi chog‘ida prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov MIR21YOYEV yozuvi tushirilgan futbolkada bo‘lgan aks etgan suratlar e’lon qilingani haqida yozgan edik. O‘shanda MSK raisi o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorov qonunchilikda nima kiyish belgilanmagani va bu bo‘yicha e’tiroz bildirish noo‘rin ekanligin ta’kidlagan. MSK doimiy a’zosi Xudoyor Mamatov esa futbolka «tashviqot materiali» sanalmasligini aytib o‘tgandi.

Avgust boshida «Gazeta.uz» MSK targ‘ibot jarayonlarini to‘liq nazorat qilib borishi haqida xabar bergan edi. «Albatta, nomzodni saylovoldi targ‘iboti va o‘zining faoliyatini adashtirmasligimiz kerak. Lekin nazorat qilinadi», — degan edi Bahrom Qo‘chqorov.