7 oktabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Andijon davlat tibbiyot instituti o‘qituvchilari o‘z xoxishlari bilan oyligidan 300 ming so‘m shanbalikka berayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi.

Shu kuni holat yuzasidan institut axborot xizmati izoh berdi. Unga ko‘ra, 21 avgust kuni Andijon davlat tibbiyot institutida umumxalq xayriya hashari o‘tkazilgan, lekin institut xodimlarining ish haqidan olib qolinmagan.

“Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bu xabar asossiz bo‘lib, feyk xabar hisoblanadi. Institutda biror xodim majburiy mehnatga jalb etilmaydi va ularning roziligisiz biror tadbir uchun oylik maoshlaridan ushlab qolinmaydi”, — deyiladi xabarda.

Adliya vazirligi axborot xizmatining xabar berishicha, ushbu holat Andijon viloyat adliya boshqarmasi tomonidan joyiga chiqqan holda o‘rganib chiqilgan.

O‘rganish davomida, Andijon davlat tibbiyot instituti rektorining 15 sentabrdagi buyrug‘i bilan xodimlarning ish haqlaridan pul mablag‘larini ixtiyoriy ravishda shanbalik uchun ushlab qolish belgilanganligi aniqlangan.

Mehnat kodeksining 164-moddasiga muvofiq, mehnat haqidan ushlab qolishga xodimning yozma roziligi bilan, bunday rozilik bo‘lmagan taqdirda esa, sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yiladi.

“Biroq, institut rektorining yuqoridagi buyrug‘iga asosan 743 nafar xodimlarning sentabr oyi uchun oylik ish haqidan 100−300 ming so‘mdan, jami 150 mln so‘m mablag‘lar avgust oyida o‘tkazilgan hashar munosabati bilan ushlab qolingan. Shundan 221 nafar xodimning ish haqidan ularning roziligisiz pul mablag‘lari ushlab qolingan”, — deyiladi xabarda.

O‘rganish natijasida 150 mln so‘m pul mablag‘lari institut xodimlariga to‘liq qaytarilgan. Qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan institutning mansabdor shaxslari intizomiy va ma’muriy javobgarlikka tortilgan.