2021 yilgi iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti amerikalik iqtisodchilarga topshirildi.

Devid Kard (Kaliforniya universiteti, AQSh) «mehnat iqtisodiyotini o‘rganishga empirik hissa qo‘shganligi uchun», Joshua Engrist (Massachusets texnologiya instituti, AQSh) va Guido Imbens (Stenford universiteti, AQSh)lar «sabab-oqibat munosabatlarini tahlil qilishga metodologik hissa qo‘shganliklari uchun» Nobel mukofoti bilan taqdirlanishdi.

«Bu yilgi laureatlar — Devid Kard, Joshua Engrist va Guida Imbens — bizga mehnat bozori haqida yangi insaytlarni taqdim etishdi va tabiiy tajribalardan sabab va oqibat haqida qanday xulosalar chiqarish mumkinligini namoyon qilishdi. Ularning yondashuvlari boshqa sohalarda ham tadbiq etildi va empirik tadqiqotda inqilobga olib keldi», — deyiladi Nobel mukofoti qo‘mitasi xabarida.

Bu yilgi mukofot puli 1,1 mln dollardan ortiqroq bo‘lib, uning yarmi Devid Kardga, qolgan yarmi esa Joshua Engrist va Guida Imbensga bo‘lib beriladi.

2020 yilda iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti Pol Milgrom va Robert Uilsonga auksionlarning yangi formatlarini ixtiro qilganligi uchun topshirilgan edi.