Rossiya hukumati O‘zbekistondan 10 ming quruvchini mamlakatga jalb etish bo‘yicha tajriba loyihasini ma’qullagani haqida xabar berilgan edi. Loyiha ishtirokchilari suhbat va tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari, shuningdek rus tili, Rossiya tarixi va qonunchiligi asoslarini bilishi to‘g‘risidagi sertifikatga ega bo‘lishlari kerakligi aytilgan.

Mazkur loyihasi doirasida fuqarolarni mamlakat hududida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni tashkil etish uchun tibbiy asbob-uskunalar bilan Rossiyaning 40 nafar tibbiyot xodimlari O‘zbekistonga yetib keldi. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xabar berdi.

Foto: Tashqi mehnat migratsiya agentligi

Endilikda, Rossiya hududida ishlash huquqini beruvchi patent olishda talab etiladigan tibbiy ko‘rik Rossiya sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Toshkentda o‘rnatilgan tibbiy asbob-uskunalar yordamida O‘zbekistonda amalga oshiriladi.

«Ushbu tadbirlar Rossiyada ishlash istagida bo‘lgan ko‘plab o‘zbekistonliklar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratib, fuqarolarning vaqti va xarajatlari qisqarishiga xizmat qiladi», — deyiladi xabarda.

Avgustda RBK muxojirlar sonining kamligi kunlik ish haqlarining oshishiga olib kelganini yozgan edi. Birinchi yarim yillikda ularning ish haqlari qariyb 25 foizga o‘sgan.

Avvalroq Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Rossiyaning bir qator salohiyatli ish beruvchilari tomonidan Moskva, Sankt-Peterburg shaharlari, Amur, Novosibirsk, Kaluga, Tula, Murmansk, Kaliningrad, Moskva viloyatlari hamda Krasnodar o‘lkasida O‘zbekiston fuqarolari uchun qurulish sohasida 10 mingta bo‘sh ish o‘rinlari taklif qilinayotgani haqida xabar qilgan edi.