USM xoldingi bosh direktori Ivan Streshinskiy Rossiyaning «Kommersant» gazetasiga bergan intervyusida xolding tarkibidagi kompaniyalar faoliyati va istiqbollari haqida so‘zlar ekan, «MegaFon» uyali aloqa operatorining O‘zbekiston bozoriga kirish sabablariga ham to‘xtalib o‘tdi.

Streshinskiyning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonga kirish qo‘shma korxona ishtirokchilaridan biri bo‘lgan kompaniya egasi — «MegaFon» uchun operatsiyalarni kengaytirish demakdir.

O‘zbekiston esa bitimdan yaxshilangan va yanada sifatli aloqaga ega bo‘ladi. Bu, o‘z navbatida, «boshqa ko‘plab narsalarga asos bo‘ladi».

Alisher Usmonov kompaniyasi O‘zbekiston kommunikatsiya infratuzilmasi va uning rivojlanishiga katta miqdorda mablag‘ kiritmoqchi. Qayd etilishicha, xolding daromad olishdan tashqari, boshqa maqsadlarga ham ega.

«Nima bo‘lganda ham, O‘zbekiston Alisher [Usmonov] Burxanovichning tug‘ilgan joyi, u o‘sha yerda tug‘ilgan va yordam berishni xohlaydi, — dedi Streshinskiy. — Biz esa mamlakatni yanada rivojlantirish uchun platforma yaratmoqchimiz».

Streshinskiy kompaniyaning O‘zbekistondagi biznesi «hali boshlang‘ich bosqichda» ekanini qo‘shimcha qildi.

«MegaFon» va USM Telecom`ning O‘zbekiston bozoriga kirishi joriy yilning fevralida e’lon qilingan edi. Kompaniyalar O‘zbekiston hukumati bilan Digital Holding qo‘shma korxonasini tashkil etish to‘g‘risidagi kelishuvga erishdi.

Uning 51 foizlik kapitaliga ta’sischilari «MegaFon» va «YueSeM Telekom» bo‘lgan «Didjital Invest» egalik qiladi. Qolgan 49 foizini esa O‘zbekiston Davlat aktivlarini boshqarish agentligi nazorat qiladi. Shartnomani imzolash marosimi 29 sentabr kuni bo‘lib o‘tdi.

Digital Holding tarkibiga Ucell mobil operatori, shuningdek, CRPT Turon va ICS Holding Uzbekistan kiradi. Kompaniya telekommunikatsiyalar erishuvchanligini kengaytirish va sifatini oshirish hamda tovarlarni raqamli markirovkalash, ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash bilan shug‘ullanadi. QKga bir qator imtiyoz va yengilliklar ham berilgan. Jumladan, davlat organlariga u bilan tendersiz shartnoma tuzishga ruxsat berilgan.