Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov «Yangi O‘zbekiston» gazetasiga bergan intervyusida yirik davlatlarning Markaziy Osiyodagi raqobati haqida fikr bildirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda yirik davlatlarning raqobati global miqyosda davom etmoqda va ularning geosiyosiy raqobati «ba’zan ochiq-oydin va hatto qat’iy tus olmoqda».

«Albatta, ayrim global jarayonlarning yirik ishtirokchilari o‘rtasida zimdan va ba’zan murosasiz tarzda olib borilayotgan qarama-qarshilik oqibatlari jahonning turli mintaqalarida, jumladan, Markaziy Osiyoda ham kuzatilmoqda», — dedi u.

Bundan tashqari, TIV rahbarining ta’kidlashicha, «mintaqamiz qator ma’lum omillar tufayli tarixan yirik davlatlarning geosiyosiy manfaatlari va yashirin da’volari o‘zaro to‘qnashadigan jozibador joy bo‘lib qolmoqda».

«Shuning uchun ham, agar Markaziy Osiyo davlatlari o‘z suvereniteti va davlat mustaqilligini yanada mustahkamlash, mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash, shuningdek, mintaqada ijobiy siyosiy vaziyatni yaratish uchun zarur choralarni ko‘rmasa, yirik kuchlarning o‘zaro raqobati mintaqamizda keskinlik kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin», — deb hisoblaydi vazir.

Abdulaziz Kamilovning ta’kidlashicha, Markaziy Osiyodagi jarayonlarda ishtirok etayotgan yirik davlatlarning manfaatlari ba’zan umumiy nuqtalarga ega bo‘lish bilan birgalikda, ayrim hollarda o‘zaro ziddiyatli hamdir.

«Bu manfaatlar qanchalik xilma-xil bo‘lsada, ular mavjud va tarixiy, jo‘g‘rofiy omillar hamda global tendensiyalar bilan chambarchas bog‘liq. Shubhasiz, bunday davlatlar intilishlari to‘qnashuvi mintaqa mamlakatlari manfaatlariga javob bermaydi, chunki ular Markaziy Osiyo davlatlari oldiga ba’zan „geosiyosiy tanlov“ shartini qo‘yadi. Bunda bir tomonga yondashish boshqa tomon bilan munosabatlarda keskinlikni keltirib chiqarishi mumkin», — dedi u.

TIV rahabri har qanday suveren davlat xalqaro maydonda «tashqi kuchlarning manfaatlariga qarab emas», o‘z ehtiyojlarini hisobga olgan holda emin-erkin harakat qilishni, «o‘z irodasini turli tomonlar bosimiga bo‘ysundirmaslikni» xohlashini qayd etdi.

«Ammo zamonaviy xalqaro munosabatlar tizimi „assimetrik manfaatlar“ bilan bog‘liq vaziyatlardan mustasno emas. Bizning tashqi siyosatimiz ana shunday vaziyatlarning oldini olishga, milliy manfaatlar poymol bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikka, O‘zbekiston bilan sheriklikdan manfaatdor bo‘lgan har bir tomon uchun teng huquqli, o‘zaro manfaatli munosabatlarni ta’minlashga qaratilgan», — dedi vazir.

Abdulaziz Kamilov «biz dunyoning yirik davlatlari raqobati mintaqamiz mamlakatlari uchun salbiy oqibatlarga olib kelishini istamaymiz», deya ta’kidladi.

«Axir tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, afg‘on mojarosining kelib chiqishi dunyo bo‘yicha tarqalgan ikkita siyosiy tizimning „sovuq urush“ yillaridagi global qarama-qarshiligi bilan bog‘liq ekanini ko‘rish mumkin», — deya eslatdi u.

TIV rahbari O‘zbekiston «u yoki bu pozitsiyani tanlashda faqat ma’lum tashqi kuchlarning foydasinigina ko‘zlashga majbur bo‘lmasligi» kerakligini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat siyosati va aniq xalqaro masalalar bo‘yicha pozitsiyalari, eng avvalo, milliy manfaatlar, ­shuningdek, mintaqaning xavfsizligi va taraqqiyotini ta’minlash zarurati bilan bog‘liq.

«O‘zbekiston Markaziy Osiyoning global va mintaqaviy kuchlar o‘rtasidagi raqobat mintaqasi yoki „kim kattaroq dov tiksa, butun yutuqni o‘ziga oladigan“ o‘yin („zero sum game“) maydoniga aylanishidan manfaatdor emas. Aksincha, biz mintaqamiz barcha kuchlarning o‘zaro hamjihatlik va konstruktiv hamkorlik makoni bo‘lishi tarafdorimiz. Har bir ishtirokchi o‘z manfaatini topa oladigan sharoitni ta’minlashga qaratilgan teng huquqli va mushtarak manfaatlar asosida qurilgan muloqot tarafdori sifatida o‘z tashqi siyosatimizni qat’iy davom ettiramiz», — deya ta’kidladi u.

Zero sum game — jahon siyosatida bir ishtirokchining (yoki guruhning) g‘alabasi boshqa ishtirokchi/ishtirokchilarning kafolatlangan mag‘lubiyatiga olib kelishini anglatuvchi termin.

Vazir antagonistik raqobatning oqilona muqobili — adolatli va ochiq ­bellashuv ekanligini aytdi.

2020 yilning fevral oyida AQShning sobiq davlat kotibi Maykl Pompeo Toshkentdagi brifingda Markaziy Osiyo davlatlari TIV rahbarlari bilan Shinjondagi uyg‘ur musulmonlariga nisbatan repressiyalarni muhokama qilmoqchiligini ta’kidlagan edi. O‘shanda Xitoy xalq respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi uni «dunyodagi muammolar sababchisi» deb atab, Xitoyga tuhmat qilishda ayblagan edi.

Abdulaziz Komilov Xitoy investitsiyalari tahdidi borasidagi savolga O‘zbekiston tashqi siyosatida mintaqa mamlakatlari bilan yaxshi munosabatni o‘rnatish ustuvor vazifa hisoblanishini aytgan edi.

«Biz Markaziy Osiyoni barqaror rivojlanayotgan, farovon va hamkorlik mintaqasi sifatida ko‘rishni istaymiz. Qolaversa, mintaqadagi katta, buyuk kuchlar o‘rtasidagi musobaqaga aloqador qandaydir istalmagan holatda qolishni istamaymiz», — degan edi u.