Prezident Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatiga tashrifi davomida Guliston shahrining Yangi hayot mahallasida ham bo‘ldi, deb xabar bermoqda davlat rahbarining matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, bu yerda 2019−2020 yillarda 14 ta ko‘p qavatli uy qurilgan. Bugungi kunda yana 7 ta 9 qavatli uy qurilishi boshlangan. Ulardagi 504 ta xonadondan 100 tasi kam ta’minlangan oilalarga imtiyozli ravishda beriladi. Yoshlar mehnat guzari, stadion, bolalar maydonchalari quriladi.


Shavkat Mirziyoyev yangi mavzeda xizmatlarni ko‘paytirish, tadbirkorlik subyektlari tashkil etib, bu yerda yashovchilarni ish bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.

«Kambag‘allikni qisqartirishning eng asosiy omillari boshpana va ish joyi, — dedi prezident. — Bu maqsadlar uchun katta imkoniyatlar berilyapti. Bu yildan boshlab ipoteka krediti bo‘yicha moliyaviy resurslardan yetishmovchilik va cheklovlar bo‘lmaydi, deb e’lon qilganmiz. Shundan foydalanib, tadbirkorlar ishtirokida ko‘p uylar qurish mumkin».


Xabarda aytilishicha, shu yerning o‘zida mahalla nuroniylari bilan ham muloqot qilingan.

«Bir paytlar Sirdaryo viloyati faqat qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan edi. Oxirgi yillarda zamonaviy sanoat kirib kelayapti. Mana shunday uylar qurilayapti. Nima uchun? Odamlarda xarid qobiliyati bor. Endi bu ishlarni to‘xtatmasligimiz kerak. Chunki yoshlarimiz yetishib kelayapti, xalqimizning talabi o‘sib borayapti», — dedi davlat rahbari.

Prezident shunga munosib sharoit yaratish kerakligini ta’kidlab, mutasaddilarga topshiriqlar berdi.