AOKAda o‘tkazilgan brifingda prezident maktablarida o‘quvchilarni hayotga va ta’limning keyingi bosqichiga tayyorlash, ularning o‘z qiziqishi va iqtidoriga mos kasb tanlashiga yo‘naltirish yuzasidan amalga oshirilayotgan loyihalar xususida ma’lumot berildi.

Prezident ta’lim muassasalari agentligi matbuot xizmati rahbari Dilfuza Sobirovaning ta’kidlashicha, prezident maktablarida «Maktab maslahatchisi» — «School Counselor» dasturi va uni amalga oshirish mexanizmi ishlab chiqilib, 2021−2022 o‘quv yildan amaliyotga joriy qilinmoqda.

Ma’lum qilinishicha, dasturning vazifalari quyidagilardan iborat:

  • ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha individual maslahatlar berish;
  • dunyoning eng rivojlangan mamlakatlaridagi nufuzli oliy o‘quv yurtlari haqidagi ma’lumotlar bilan tanishtirish;
  • oliygohlarga hujjat topshirish va ro‘yxatdan o‘tish bo‘yicha kerakli tavsiyalarni berish;
  • ehtiyoj yuqori bo‘lgan kasblar bilan tanishtirish va ularga yo‘naltirish.

Maktab maslahatchilari o‘z vazifalarini to‘g‘ri tashkil etishlari uchun bosqichma-bosqich yo‘riqnoma ishlab chiqilganligi aytilgan. Yo‘riqnomada 14−18 yoshdagi o‘quvchilarni universitetlarga kirish uchun hujjat tayyorlash jarayoni, hujjat topshirishda belgilangan muddatlar, TOP-300 talikka kiruvchi universitetlar to‘g‘risida ma’lumotlar berish, shuningdek, to‘liq grantlarni qo‘lga kiritish yuzasidan amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish borasida tegishli ko‘rsatmalar berilgan.

Dasturga muvofiq, maktab maslahatchisining vazifalari quyidagilar kiradi:

  • sohada muvaffaqiyatga erishgan kasb egalari bilan mahorat darslari, uchrashuvlar tashkil etish;
  • ta’lim iste’molchilari qiziqish bildirgan sohalari bo‘yicha amaliy ekskursiya va tanishuv turlarini amalga oshirish;
  • maktab psixologi bilan hamkorlikda o‘quvchilar yoshi, psixofiziologik xususiyati, qobiliyati va iqtidoriga ko‘ra hayotda o‘z yo‘nalishini to‘g‘ri tanlay olishiga ko‘maklashish;
  • prezident maktablarida IT, kichik tadqiqotchilik, milliy hunarmandchilik kabi yo‘nalishlar bo‘yicha to‘garaklar tashkil qilish va ularni samarali amalga oshirish.

Qayd etilishicha, mazkur dastur muvaffaqiyatli o‘tgach, ijobiy tajriba umumta’lim maktablariga translyatsiya qilinishi ko‘zda tutilgan.