7 oktabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi delegatsiya Afg‘oniston muvaqqat hukumat rahbarining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Mulla Abdul Kabir boshchiligidagi Afg‘oniston rahbariyati vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.

Uchrashuvda Afg‘oniston Bosh vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Abdul Salom Xanafiy, transport va fuqaro aviatsiyasi, umumiy ishlar, energetika va suv resurslari vazirlari ham ishtirok etdi.

Foto: Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Tomonlar mamlakatdagi mavjud vaziyat, Afg‘oniston xalqiga gumanitar va boshqa turdagi yordam ko‘rsatish bo‘yicha sa’y-harakatlar, shuningdek, mamlakatda energetika va transport sohalarida yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar.

«Avvalambor, biz afg‘on birodarlarimizdan „hech qachon Afg‘oniston zaminidan O‘zbekistonga qandaydir xavf, qandaydir tahdid chiqishiga yo‘l qo‘ymaymiz“ degan kuchli va aniq kafolatlarni oldik, ular bizga shu va’dani berishdi», — deya ta’kidladi Abdulaziz Kamilov uchrashuvdan so‘ng bergan intervyusida.

O‘zbekiston TIV rahbari, shuningdek kun tartibida iqtisodiy, transport-kommunikatsiyaga tegishli masalalar bo‘yicha ham kelishuvlarga erishilganligini ta’kidladi.

Tomonlar yaqin orada Termiz shahrida savdo-iqtisodiy masalalarini, jumladan, «Surxon — Puli-Xumri» elektr uzatish tarmoqlari va «Mozori-Sharif — Kobul — Peshovar» yo‘nalishi bo‘ylab temir yo‘l qurish loyihalarini amalga oshirish masalalarini muhokama qilish uchun qo‘shma muzokaralar o‘tkazish to‘g‘risida kelishib oldilar.

Foto: Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

«Yaqin orada bizning ishchi guruhlar Termizda yig‘ilishadi va bu masalaning hammasini ham hal qilamiz. Chunki kelajakda katta loyihalar bor», — dedi tashqi ishlar vaziri.

O‘zbekiston TIVning ta’kidlashicha, Afg‘oniston tomoni ushbu loyihalarni amalga oshirishga jalb qilingan o‘zbekistonlik mutaxassislarning xavfsizligini ta’minlashga tayyorligini ma’lum qildi.

Bundan tashqari, tashqi ishlar vaziri «Tolibon» hukumati Afg‘onistonda o‘zbek tilining maqomini rivojlantirishda davom etishini ham ta’kidlagan.

«Afg‘oniston zaminida uzoq vaqtdan buyon istiqomat qilib kelayotgan o‘zbek vatandoshlarimizning tili va madaniyati Afg‘onistonning yangi hukumati davrida ham rivojlanishda davom etadi», — dedi u.

Afg‘oniston muvaqqat hukumati a’zolari O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga afg‘on xalqining orzu-intilishlariga qaratayotgan e’tibori, oziq-ovqat inqirozining oldini olishda ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorlik bildirdi.

Shuningdek, O‘zbekiston prezidentining mamlakatning yangi hokimiyati bilan konstruktiv va o‘zaro maqbul muloqot o‘rnatishga qaratilgan siyosatini hamda xalqaro hamjamiyatga Afg‘onistonning xorijdagi muzlatilgan aktivlariga nisbatan qo‘yilgan cheklovni olib tashlash chorlovi yuqori baholandi, deyiladi TIV xabarida.

Foto: Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Afg‘oniston delegatsiyasi a’zolari O‘zbekiston hukumatiga «Mozori-Sharif» xalqaro aeroporti faoliyatini tiklash, O‘zbekiston — Afg‘oniston chegarasining uzluksiz ishlashi, u orqali mamlakatga doimiy ravishda oziq-ovqat va boshqa turdagi birlamchi tovarlar yetkazib berishdagi ko‘rsatilayotgan yordam uchun ham chuqur minnatdorlik bildirdi.

Shu kuni Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Mavlaviy Amirxon Muttaki bilan ham alohida muzokaralar olib borilganligi haqida oldinroq xabar berilgan edi.

Oldinroq ijtimoiy tarmoqlarda «Tolibon» harakati Afg‘oniston hududida o‘zbek tilining o‘qitilishini taqiqlagani,bir qator o‘zbek mualliflar asarlari yo‘q qilinayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi. O‘zbekiston TIV «Tolibon» rasmiy rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan suhbati chog‘ida «ushbu axborotning haqiqatga zidligi»ni ta’kidlagan edi. Vazirlik «Tolibon» vakili o‘zbek tili, pushtu va dari tillari bilan bir qatorda, bundan buyon ham Afg‘onistonning rasmiy tillaridan biri bo‘lib qolishini tasdiqlaganini ma’lum qildi.