O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonga katta amaliy yordam ko‘rsatib kelmoqda. Bu haqda 5 oktabr kuni prezident Gurbanguli Berdimuhamedov brifingda gapirdi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

«Men O‘zbekiston Respublikasining hurmatli prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevni 2007 yildan beri bilaman. Bu qariyb 14 yil degani. O‘sha yillarda biz u bilan boshqa lavozimlarda ishlar edik. Bunday uzoq muddatli shaxsiy muloqotlar natijasida bir-birimizni juda yaxshi bilib oldik. Shavkat Miromonovich, ochiqchasiga menga inson sifatida yoqadi. U juda mas’uliyatli rahbar va o‘z ishini biladi», — dedi Turkmaniston rahbari.

Gurbanguli Berdimuhamedov Shavkat Mirziyoyevning paxta yetishtirish bo‘yicha bergan maslahatini alohida qayd etdi.

«Shavkat Miromonovich bizga katta amaliy yordam beradi. Bitta misol keltiraman. Uning paxtani yetishtirish bo‘yicha maslahatlari va tavsiyalarini biz mamlakatimizda muvaffaqiyatli ravishda tadbiq etganmiz. Va, albatta, ushbu muhim qishloq xo‘jaligi mahsulotini yetishtirish hajmlarini sezilarli darajada oshirishga erishganmiz. Va bunda Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning xizmati katta», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ular «qanday lavozimlarda ishlashidan qat’iy nazar haqiqiy do‘stlar» hisoblanishadi.

«Biz doimo bir-birimizga nisbatan tekis, hurmat bilan va ezgu munosabatda bo‘lganmiz, va, albatta, biz buni juda qadrlaymiz», — dedi u. Shavkat Mirziyoyev munosabatlar ishonchli ekanligini ham qo‘shimcha qildi.

Gurbanguli Berdimuhamedov hamkasbining boshqa xususiyatlarini ham e’tirof etdi.

«Biz mehribon qo‘shnilarimiz, ajoyib o‘zbek xalqining shunday uzoqni ko‘zlaydigan, dono va pragmatik, shu bilan birga, birodar O‘zbekistonni rivojlanishning yangi marralari va balandliklariga yetaklayotgan zamonaviy yetakchisi borligidan faxrlanamiz. Sizning oldingizda katta siyosiy kampaniya, voqea turibdi. Umid qilamizki, bizning tarixiy qo‘shnilarimiz, birodar o‘zbek xalqi Shavkat Miromonovichdek o‘z yurtining loyiq va dono rahbarini tanlaydi», — deya ta’kidladi davlat rahbari.

O‘z navbatida, Shavkat Mirziyoyev «tashrifning muhiti»ni e’tirof etib, «ikkala prezidentlar irodasi tufayli shunday natijalarga erishish va istiqbol uchun jiddiy ishlash mumkinligini» ta’kidladi.

«Shunday qiyin vaqtda qo‘llab-quvvatlash uchun kelganligi va o‘z hamkasbi haqida shunday samimiy so‘zlarni aytganligi uchun birodarim Gurbanguli Myalikguliyevichga chuqur minnatdorchilik izhor etaman. Bu ko‘p narsani anglatadi, bu ishonchli va do‘stona munosabatlardan dalolat beradi», — dedi prezident.