O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4 oktabr kuni AQSh Davlat kotibining birinchi o‘rinbosari Uendi Sherman boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deb xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, Uendi Sherman Shavkat Mirziyoyevga AQSh prezidenti Jozef Bayden, vitse-prezidenti Kamala Xarris va Davlat kotibi Entoni Blinkenning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi Strategik sheriklik muloqotining joriy yil oxirigacha Vashington shahrida bo‘lib o‘tadigan birinchi yig‘ilishining kun tartibini puxta tayyorlash muhim ekani ta’kidlandi.

Qolaversa, tomonlar siyosat va xavfsizlik, savdo, investitsiya va innovatsiyalar, qishloq xo‘jaligi, energetika, ta’lim, sog‘liqni saqlash, gumanitar almashinuvlar kabi ustuvor yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini ma’lum qildi.

Bundan tashqari, Afg‘onistonda vujudga kelayotgan vaziyat yuzasidan batafsil fikr almashildi. O‘zbekistonning afg‘on xalqiga ko‘maklashish hamda qo‘shni mamlakatda uzoq muddatli tinchlik o‘rnatilishi va uning iqtisodiy tiklanishiga xizmat qiladigan loyihalarni ilgari surish borasidagi sa’y-harakatlari yuksak baholandi.

Avvalroq, Uendi Shermanning O‘zbekistonga tashrifi doirasida AQSh koronavirusga qarshi 5 mlndan ortiq Moderna va Pfizer vaksinalarini beg‘araz topshirgani haqida ma’lum qilingan edi.

«Pandemiyaga qarshi kurashishda, shu jumladan amaldagi global dastur doirasida O‘zbekistonga vaksinalar yetkazib berish masalasida ko‘rsatilayotgan ko‘mak uchun Amerika tomoniga alohida minnatdorlik bildirildi», — deyiladi xabarda.