Finlyandiya prezidenti bir kun davomida 16 yoshli qiz bilan birgalikda ishlaydi

Foto: Finlyandiya prezidentining matbuot xizmati

O‘n olti yoshli Nella Salminen 6 oktabr kuni Finlyandiya prezidenti Sauli Niinistyoning sherigi bo‘lib, bir qator muhim uchrashuvlarda qatnashadi va nutq so‘zlaydi. Bu haqda mamlakat rahbarining veb-sahifasida ma’lum qilindi. Ushbu tadbir bolalar huquqlarini himoya qiluvchi Plan International tashkiloti tomonidan o‘tkaziladigan «Girls Takeover» kampaniyasi doirasida o‘tkaziladi. Bu yilgi kampaniyaning maqsadi ma’lumotlarning tenglikka ta’siri haqidagi masalani ko‘tarishdir, deyiladi bayonotda.

Kun davomida Niinistyo va Salminen Reuters IMPACT virtual konferensiyasida ishtirok etadi, unda «iqlim himoyasi bo‘yicha harakatlar va kelajak avlodlar uchun mas’uliyat» muhokama qilinadi. Ular, shuningdek, Ayollar uyushmalari markaziy birlashmasi rahbari Eva Biode bilan uchrashadilar. Bundan tashqari, Salminen prezidentning rafiqasi Yenni Xaukio va prezident idorasi a’zolari bilan uchrashishi rejalashtirilgan.

«Girls Takeover» kampaniyasi BMTning 11 oktabrda nishonlanadigan Xalqaro qizlar kuni bayramining bir qismidir. Kampaniya turli mamlakatlardagi qizlarga bir kunlik muhim lavozimlarni egallashga va o‘zlarini eng ijtimoiy ahamiyatga ega institutlarning yetakchisi sifatida his qilishlariga imkon beradi. Finlyandiya mazkur tadbirda beshinchi marta ishtirok etmoqda.


Fumio Kisida Yaponiyaning yangi bosh vaziri bo‘ldi

Yaponiyada parlamentning ikkala palatasida ovoz berish natijalariga ko‘ra, yangi bosh vazir lavozimiga hukmron Liberal-demokratik partiyaning rahbari, sobiq tashqi ishlar vaziri Fumio Kisida saylandi. Quyi palatadagi ovoz berish natijasida Kisidaning nomzodi 458 ta saylov byulletenining 311 tasida, yuqori palatada 241 ta byulletendan 141 tasida qo‘llab-quvvatlandi.

Xirokadzu Matsuno hukumatning yangi bosh kotibi bo‘ldi. Dushanba kuni u yangi kabinet tarkibini e’lon qildi — 19 vazirdan 13 nafari birinchi marta vazirlar portfelini oldi. Tashqi ishlar vaziri Tosimitsu Motegi va mudofaa vaziri Nobuo Kisi oldingi hukumatdan yangi Vazirlar Mahkamasiga o‘tdilar, fan va ta’lim vaziri bo‘lgan Koiti Xagiuda iqtisodiyot, savdo va sanoat vaziri lavozimini egalladi.

Shu bilan birga, Kisida oktabr oxirida Yaponiyada parlament saylovlari o‘tkazilishini, shundan so‘ng yangi hukumat tuzilishi haqida ma’lum qildi.

Fumio Kisida 2012 yildan 2017 yilgacha tashqi ishlar vaziri bo‘lgan. 2016 yilda u Barak Obamaning Xirosimaga tashrifini uyushtirgandi. Bu AQSh prezidentining atom bombasi tushgan shaharga birinchi tashrifi bo‘lgandi. 2017 yilda Kisida Liberal-demokratik partiyaning siyosiy kengashini boshqargan va shu yilning sentabr oyida uning raisi etib saylangandi. — Gazeta.uz


Janubiy Kaliforniyada yirik neft to‘kilishi sodir bo‘ldi

Yakshanba kuni AQShning Janubiy Kaliforniya shtati shoshilinch xizmatlari neft to‘kilgan plyajlarni tozalashni boshladilar. Mutaxassislar Orinj okrugidagi to‘kilish sababini aniqlashga harakat qilishmoqda, deb xabar bermoqda ABC News. Ta’kidlanishicha, okeanga kamida 572,8 ming litr neft sizib chiqqan.

«Ushbu hodisa ekologik halokat bilan barobar», — dedi shahar meri Kim Karr. Uning aytishicha, Amplify Energy kompaniyasining suv osti quvuridan 477 ming litr neft to‘kilgan, buning natijasida taxminan 34 kv. km. maydonda neft dog‘i paydo bo‘ldi. Shahar rahbari buni «ekologik ofat» va «potensial ekologik ofat» deb atab, «qirg‘oq chizig‘imizning bir qismi hozir neft bilan qoplangan», deya izohladi vaziyatni. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, baliqlar va boshqa dengiz hayvonlarining o‘limi kuzatilmoqda.

Foto: EPA/Vostock-photo

Foto: Mario Tama/Getty Images


Foto: Mario Tama/Getty Images


Kobulda masjid yaqinidagi portlash oqibatida 12 kishi halok bo‘ldi

Yakshanba kuni Kobuldagi Idgaj masjidi yaqinida sodir bo‘lgan portlash oqibatida kamida 12 kishi halok bo‘ldi, 32 kishi yaralandi. Ma’lum qilinishicha, u yerda «Tolibon» vakili Zabihulloh Mujohidning onasi bilan vidolashuv marosimi o‘tkazilayotgan bo‘lgan. Xabarga ko‘ra, hujum nishonlari xarakat rahbarlari va Afg‘oniston muvaqqat hukumatiga tayinlangan amaldorlar, xususan, Mudofaa vazirligi vakillari bo‘lgan.

Ta’kidlanishicha, «Tolibon» xavfsizlik xodimlari teraktga tayyorgarlik ko‘rish va uni uyushtirishda gumon qilingan uch kishini hibsga oldi. — TASS (Al Jazeera).

Shuningdek:

  • Kobulda so‘nggi ikki oy ichida kutubxonalar, kitob do‘konlari va nashriyotlarning kamida 95 foizi mamlakatdagi og‘ir iqtisodiy vaziyat tufayli yopildi. «Kobuldagi kutubxonalarning qariyb 95 foizi moliyaviy qiyinchiliklar tufayli yopildi. Hozirgi vaziyat kitob sotuvchilar va nashriyotchilarni qiyin ahvolga olib keldi. Non va kiyim uchun puli yo‘qlarga endi kitobga vaqtlari ham yo‘q», — dedi Afg‘oniston noshirlari uyushmasi prezidenti Said Ahmad Said. Kobuldagi muntazam kitob ko‘rgazmalari tashkilotchilarining so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi voqealar munosabati bilan xaridorlar soni kamida 90 foizga kamaygan va hududlarda bu ko‘rsatkich bundan ham yuqori bo‘lishi mumkin.

Eron va Ummonga bostirib kelgan to‘fon oqibatida 9 kishi halok bo‘ldi

Eron va Ummonning ayrim tumanlariga «Shohin» tropik to‘fonining bostirib kelishi natijasida kamida 9 kishi halok bo‘ldi. Shamol tezligi soatiga 120 dan 150 kmgacha yetgan.

Ummonda suv toshqini oqibatida uch kishi, jumladan, bir bola halok bo‘lgan. Minglab odamlar qirg‘oq bo‘yidagi hududlardan evakuatsiya qilindi. Ummon poytaxti Maskat ko‘chalarini suv bosdi. Mamlakat bilan havo qatnovi to‘xtatildi. Dushanba kuni BAAning (Ummon bilan chegaradosh) Al-Ayn shahri aholisiga masofadan turib ishlash va uylarini tark etmaslik tavsiya qilindi.

Foto: Maskat ko‘chalari, EPA/Vostock-photo

Eronda janubi-sharqiy Sistan va Balujiston viloyatlaridagi portda olti kishi halok bo‘lgan. Ta’kidlanishicha, to‘fon elektr ta’minoti va yo‘llarga zarar yetkazgan. — BBC News.


Shuningdek:

  • Misrning EgyptAir milliy aviakompaniyasi yakshanba kuni Tel-Avivga 1979 yildan buyon ilk to‘g‘ridan-to‘g‘ri rasmiy parvozni amalga oshirdi. Aviakompaniyaning sho‘’ba kompaniyasi AirSinai jamoatchilik noroziligidan qo‘rqib, Isroilga kompaniya logotipisiz o‘nlab yillar davomida parvoz qilgandi.
  • Rossiyada koronavirus bilan kasallanish holatlari keskin ko‘payishi oqibatida mamlakat bo‘ylab barcha ommaviy tadbirlar bekor qilindi.
  • Tibbiyot sohasidagi Nobel mukofoti «harorat va sezish retseptorlarini kashf qilgan» olimlar Devid Julius va Ardem Pataputyanga topshirildi.
  • Taniqli siyosatchilar, davlat va hukumat rahbarlari, mashhur boylarning ofshor operatsiyalari haqida e’lon qilingan «Pandora Papers» hujjatlarida O‘zbekistonga millionlab investitsiya kiritgan irland kompaniyalari hamda Gulnora Karimovaga pora berganlikda gumon qilinadigan Telia kompaniyasi vakillari haqida ham so‘z boradi. Shuningdek, surishtiruv doirasidagi hujjatlarda Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning oilasi, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy, Iordaniya qiroli, Buyuk Britaniya sobiq bosh vaziri va boshqa taniqli shaxslarning ofshor operatsiyalari haqida ma’lumot keltirilgan.