O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘qituvchi va murabbiylarni 1 oktabrda nishonlanadigan kasb bayrami bilan tabrikladi.

«Sizlar dunyodagi eng bebaho boylik va boqiy merosni yaratish, uni xalqimizga, unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodimizga bezavol yetkazish yo‘lida chinakam fidoyilik ko‘rsatib mehnat qilayotgan ulug‘ insonlarsiz. Bu ulkan boylik — aql-zakovat va ilm, bu o‘lmas meros — yaxshi tarbiyadir», — deyiladi tabrikda.

«Mamlakatimizda so‘nggi yillarda ilm-fan va ta’lim-tarbiya sohasini davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylantirishga qaratilgan, oilada farzand tug‘ilganidan boshlab, kamolot yoshiga yetgunga qadar uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydigan, hayotda munosib o‘rin topishiga xizmat qiladigan yaxlit va uzluksiz tizim yaratilmoqda», — deya qayd etdi davlat rahbari.

«Ta’lim sohasining yana bir muhim vazifasi — faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lgan, Vatan va xalq manfaatlarini qat’iy himoya qila oladigan, zamonaviy, keng fikrlaydigan yoshlar avlodini shakllantirishdan iborat», — deya ma’lum qildi Shavkat Mirziyoye. Uning fikricha, shu sababli «Uzluksiz ta’lim tizimida ijtimoiy fanlarni o‘qitish tartibi va tamoyillari konsepsiyasi»ni ishlab chiqish va uni amaliyotga joriy etish obyektiv zaruratga aylanmoqda.

«Jamiyatimizda bog‘cha tarbiyachisi, maktab muallimi, oliygohlarning professor-o‘qituvchilari va ilmiy-ijodiy ziyolilarni bugun biz intilayotgan Uchinchi Renessansning to‘rt tayanch ustuni deb e’tirof etmoqdamiz», — deya qayd etdi prezident. U o‘qituvchi va murabbiylarning hurmat-e’tiborini oshirish, xususan, muallim va ustozlarning qadri, sha’ni va g‘ururini tiklash, mashaqqatli va sharafli mehnatini moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish bo‘yicha boshlagan ishlarni yangi pog‘onaga ko‘tarishga va’da berdi.

Chorshanba kuni prezident O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlardan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.