Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narboyeva parlament yuqori palatasining 19-yalpi majlisida mahalliy budjetlarda shakllantirilgan qo‘shimcha manbalarni sarflashdagi kamchiliklar haqida aytib o‘tdi.

«Ushbu mablag‘larni ishlatishda mahalliy Kengashlar hal qiluvchi vazifani bajaradi. Biroq ular bunga talab darajasida qaramayapti. Birgina Qashqadaryo viloyatining G‘uzor, Mirishkor, Kasbi, Chiroqchi tumanlari va Qarshi shahrida mahalliy Kengashlarda muhokama qilinmasdan, deputatlarning ruxsatisiz 10 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ ishlatib yuborilgan», — deya ta’kidladi Senat raisi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday misollarni boshqa viloyatlarda ham keltirish mumkin va bunday muammolarni bartaraf etish uchun mahalliy kengashlar o‘zlariga ishonib topshirilgan vakolatlardan foydalanishi va talabchanligini oshirishi kerak.

«Shu jihatdan, mahalliy Kengashlar vakillari, ayniqsa, budjet bo‘yicha doimiy komissiya a’zolari, shu jumladan, kotibiyatlar bu borada mas’uliyatni oshirishlari lozim», — deya qo‘shimcha qildi Tanzila Narbayeva.

Parlament yuqori palatasi axborot xizmati xabariga ko‘ra, majlis davomida Qashqadaryo viloyati hokimining hisoboti senatorlar tomonidan viloyatda amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda muammo va kamchiliklar muhokama qilindi.

Unga ko‘ra, viloyatdagi umumta’lim maktablari uchun respublika «Transport va logistika xizmati» DUK tomonidan darsliklarning 46 foizi yetkazib berilgan. Ushbu darsliklar jamlanmasining 24 foizi to‘liq bo‘lmaganligi bois omborxonada saqlanayotgani va buning oqibatida o‘quvchilar o‘quv yilini kitobsiz boshlagani aytib o‘tildi.

Shuningdek, 2021 yilgi Investitsiya dasturi doirasida viloyatdagi 93 ta umumta’lim maktabini jihozlash belgilangan. Shundan 36 ta maktabga mebel va jihozlar qisman yetkazib berilgan, qolgan 57 ta maktabga esa umuman yetkazib berilmagan.

Qayd etilishicha, viloyat hududidagi Nishon, Yakkabog‘, G‘uzor, Mirishkor, Muborak, Shahrisabz tumanlari va Shahrisabz shahrida tashkil etilgan 10 ta kichik sanoat zonasini tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlash bo‘yicha ishlar amalda boshlanmagan.

Muhokama so‘nggida viloyatdagi muammo kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi va ijrosi yuzasidan senatorlik nazoratini yo‘lga qo‘yish belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Tanzila Narbayeva ijro organi hech qachon o‘z aybini o‘zi aytmasligini ta’kidlagandi.