Tunis tarixida ilk bor ayol kishi hukumatni boshqaradi

Tunis prezidenti Qais Said Najla Romdanga mamlakatning yangi hukumatini tuzishni buyurdi. Shu tariqa Tunis tarixida birinchi marta ayol kishi hukumat rahbari bo‘ladi. Prezident uni «ko‘p vaqt yo‘qolgani sababli yaqin vaqtlar yoki kunlar ichida hukumat tarkibi to‘g‘risida takliflar kiritishga» chaqirdi.

Najla Romdan — geolog-muhandis, ilgari Tunis Ta’lim vazirligida Jahon banki loyihalarini bajarishga mas’ul bo‘lgan. Kuzatuvchilarning ta’kidlashicha, uning davlat boshqaruvida tajribasi kam. — Interfaks.

Eslatamiz, 25 iyul kuni Qais Said Xalq vakillari assambleyasi (bir palatali parlament) faoliyati 30 kunga to‘xtatilishini, barcha deputatlarning daxlsizligi bekor qilinishini va bosh vazir Xisham Mashishining iste’fosini e’lon qilgan edi.


Fransiya hukumati 2017 yildan buyon 650 ta islomiy tashviqot markazini yopdi

Fransiya hukumati 2017 yildan buyon mamlakatda 650 ta islomiy targ‘ibot markazini yopdi. Bu haqda ichki ishlar vaziri Jerald Darmanen va IIV vazir-delegati Marlen Shyappaning Le Figaro’ga berilgan qo‘shma intervyusida aytilgan.

«Hukumat hech qachon hali Fransiyada radikal islomiyatga qarshi bunday keng ko‘lamli choralarni ko‘rmagan edi. So‘nggi to‘rt yil mobaynida o‘nlab bunday uyushmalar tarqatib yuborilgan. 24 ming xil tekshiruv o‘tkazildi, buning natijasida fundamentalistlar tashrif buyuradigan 650 ta muassasa yopildi. Bundan tashqari, o‘tgan yilning noyabr oyidan buyon razvedka xizmatlarida shubha uyg‘otgan 89 ta ibodat joylari tekshirilgan — ularning uchdan bir qismi hozir yopilgan yoki ularga nisbatan mamlakat uchun zararli faoliyat bilan shug‘ullanishga ruxsat bermaydigan choralar ko‘rilgan», — dedi ichki ishlar vaziri.

Marlen Shyappaning so‘zlariga ko‘ra, rasmiylar radikal g‘oyalarni targ‘ib qiladigan masjidlarga va hatto sport klublariga bosim o‘tkaza boshlagach, islomiy targ‘ibot markazlari o‘z joylarini o‘zgartirishni boshladilar. Uning aytishicha, 15 ta shahar mavzesi nazoratga olingan, 175 ta muassasa «nishon» ostidadir.


Turkmaniston prezidenti «Jasur turkman» medali bilan taqdirlandi

Turkmaniston Mejlisi mamlakat prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovni «Turkmen edermen» medali («Jasur turkman») va «Garassyz Turkmenistanyn Watan goragcysy» (Mustaqil turkman vatan himoyachisi) yubiley medali bilan taqdirlashga qaror qildi. Davlat mukofotlarini prezidentga parlament raisi Gulshat Mammedova davlat mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlangan Davlat xavfsizlik kengashi a’zolari bilan uchrashuvida topshirdi.

Prezident harbiy islohotlarning muvaffaqiyati va «Turkmanistonning davlat mustaqilligi, suvereniteti, hududiy yaxlitligi, konstitutsiyaviy tuzumini mustahkamlash va himoya qilish, Vatanning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, dunyoda barqarorlik va tinchlikni ta’minlashdagi alohida xizmatlari uchun» mukofoti bilan taqdirlandi, deb aytiladi Mejlis qarorida.

Shuningdek, qarorda prezident «harbiy texnikani, shu jumladan, juda murakkab harbiy samolyotlarni boshqarishda mukammal qobiliyat, yuksak mahorat, botirlik va jasorat namunasini ko‘rsatgani» qayd etilgan.


«Tolibon» Kobul va Nangarxorda IDga qarshi operatsiya boshlanganini e’lon qildi

«Tolibon» Afg‘oniston sharqidagi Nangarxor viloyatida hamda poytaxt hududida «Islomiy davlat» (ID) terrorchilik guruhi jangarilariga qarshi operatsiya boshlanganini e’lon qildi.

Joriy oyda Nangarxorda birdaniga bir nechta portlashlar va qurolli hujumlar sodir bo‘lgan, qurbonlar orasida «Tolibon» vakillari va mahalliy aholi bo‘lgan. «Xurosondagi Islomiy davlat» ushbu voqealar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi. Kobulda bir necha marotaba raketa hujumlari uyushtirilganda, ID tarafdorlari bunda ham javobgarlikni o‘z zimmalariga olishgandi.

Shu bilan birga, 21 sentabr kuni harakat matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid Afg‘onistonda ID va «Al-Qoida» jangarilari borligi haqidagi xabarlarni uydirma deb atadi va ID «Tolibon»ga tahdid solmasligini ta’kidladi. — TASS.

Shuningdek:

  • «Tolibon»ning Afg‘onistonda hokimiyatga kelishi mamlakat qora bozorida afyun va boshqa giyohvand moddalar narxlarining keskin oshishiga olib keldi, deb yozmoqda The Times of India. Ta’kidlanishicha, Afg‘onistonda 15 avgustdan beri afyun narxi uch barobar oshgan. Hozir kontrabandachilar mahalliy ishlab chiqaruvchilardan afyunning har bir kilogrammi uchun 100 dollar to‘laydilar, Yevropaning qora bozorida esa bu preparatning bir grammi 50 dollardan oshadi, deya yozmoqda nashr. Avgust oyida «Tolibon» vakili Zabihulloh Mujohid mamlakatda giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashadi deb aytgandi.
  • «Tolibon» AQShni Afg‘oniston havo hududini buzganlikda aybladi. «Yaqinda biz AQShning uchuvchisiz samolyotlari Afg‘onistonning muqaddas havo makoniga bostirib, shu bilan barcha xalqaro huquqlar, qonunlar va majburiyatlarni Islom Amirligi oldida buzganini ko‘rdik. Bu qonunbuzarliklarni to‘g‘rilash va oldini olish kerak», deyiladi bayonotda. Shuningdek, harakat xabarida «har qanday salbiy oqibatlarning oldini olish uchun barcha davlatlar, ayniqsa AQSh, Afg‘onistonga xalqaro huquqlar, qonunlar va majburiyatlar nuqtai nazaridan va o‘zaro hurmat va majburiyatlar bilan munosabatda bo‘lishga» chaqirilgan.

Shimoliy Koreya ilk bor yangi gipertovushli raketani sinovdan o‘tkazdi

Foto: EPA-EFE/KCNA

Shimoliy Koreya 28 sentabr kuni birinchi marta yangi «Xvason-8» gipertovushli raketasini sinovdan o‘tkazdi. Xabarga ko‘ra, sinovlar mamlakat shimolidagi Chagando provinsiyasidagi poligonlardan birida o‘tkazilgan. Muvaffaqiyatli sinov uchirilishi paytida raketaning manyovrligi va barqarorligi tasdiqlandi, uning sirpanish xususiyatlari tekshirildi. Shuningdek, KXDR harbiylari dvigatel va yonilg‘i tizimining barqaror ishlashiga ishonch hosil qilishdi, deb yozadi Rodong Sinmun.

Bundan avval Shimoliy Koreya Yapon dengizi tomon ikkita ballistik raketa uchirgan edi.


Shuningdek:

  • Fransiya Marokash va Jazoir fuqarolariga beriladigan vizalar sonini ikki baravar, Tunis fuqarolariga 30 foizga kamaytiradi. «Ushbu davlatlar Fransiya hududida bo‘lgan o‘z fuqarolarini qabul qilishni istamagani uchun biz buni qilyapmiz», — deya tushuntirdi ichki ishlar vaziri Jerald Darmanen.
  • Yaponiyada sobiq tashqi ishlar vaziri Fumio Kisida hukmron Liberal-demokratik partiyaga (LDP) yangi rahbar etib saylandi. U sobiq mudofaa vaziri Taro Konodan 87 ta ko‘p ovoz to‘plab, mamlakatning yuzinchi bosh vaziriga aylanish imkoniga ega bo‘ldi. Avvalroq, Yaponiyaning amaldagi bosh vaziri Yosixede Suga Taro Kononi «voris» sifatida qo‘llab-quvvatlagan edi.
  • Shvetsiyada chorshanba kunidan boshlab deyarli barcha karantin cheklovlari bekor qilinmoqda. Xususan, endi cheklovlarsiz kafe va restoranlarga borish, ijtimoiy tadbirlarda qatnashish mumkin.