Bugun, 20 sentabr kuni Permda politsiya universitetda otishma sodir etgan shaxsni hibsga oldi, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, vafot etganlar va yaradorlar bor, deb xabar beradi RIA Novosti.

«Bugun ertalab navbatchi politsiya bo‘limiga Perm davlat milliy tadqiqot universiteti hududida o‘q ovozlari eshitilgani to‘g‘risida xabar keldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lganlar va yaradorlar bor», — deyiladi xabarda.

Rossiya Tergov qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, sakkiz kishi halok bo‘lgan, bir necha kishi yaralangan.

Hibsga olingandan so‘ng, otishmada gumonlanuvchi talaba ekanligi aniqlandi. Hibsga olish paytida u politsiyaga qarshilik ko‘rsatgan va yaralangan.

Hujum paytida ba’zi talabalar va o‘qituvchilar auditoriyalarda berkingan. Ba’zilar derazadan sakrab yashirinishga harakat qilishgan.

May oyida Qozon shahridagi maktabda otishma sodir bo‘lgan. Unda o‘smir tomonidan hujum uyushtirilgan edi. Oqibatda 32 kishiga zarar yetgan. RIA Novosti va boshqa manbalarning ma’lumotiga ko‘ra, 11 kishi halok bo‘lgani aytilgan.

Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Yusup Kabuljanovning ma’lum qilishicha, otishmada jarohatlangan va halok bo‘lganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari qayd etilmagan.

Vaziyat O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan nazoratga olingan.