Perm davlat milliy tadqiqot universitetida ro‘y bergan otishmada jarohatlangan va halok bo‘lganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari qayd etilmagan. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Yusup Kabuljanov ma’lum qildi.

Vaziyat O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan nazoratga olingan, deb qo‘shimcha qildi u.

Eslatib o‘tamiz, 20 sentabr kuni ertalab qurollangan yigit Perm davlat universiteti kampusiga o‘q uzgan, shundan so‘ng u o‘quv binosida otishmani davom ettirgan. Sakkiz kishi halok bo‘ldi, 28 kishi yaralandi.

RIA Novosti xabariga ko‘ra, qo‘ng‘iroqdan so‘ng voqea joyiga birinchi bo‘lib YPH xodimlari yetib kelishgan. Ulardan biri evakuatsiyani uyushtirgan, ikkinchisi tajovuzkorni qidira boshlagan. U zinapoyadan birinchi qavatga tushayotganida politsiyachini ko‘rib, unga qarata o‘q uza boshlagan. IIV xodimi uni javob qaytaruvchi o‘t bilan zararsizlantirgan, so‘ngra birinchi yordam ko‘rsatgan.

Ma’lumki, hujumchi Perm davlat universiteti talabasi. «Tergov tomonidan uni tavsiflovchi materiallar to‘planmoqda, hodisaning barcha holatlari aniqlanmoqda», — dedi Rossiya Tergov qo‘mitasining rasmiy vakili Svetlana Petrenko.

Ma’lum bo‘lishicha, hujumchi qurolni shu yilning may oyida qonuniy ravishda sotib olgan.