O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Dushanbe shahriga kelgach, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Uchrashuvda oliy darajada erishilgan kelishuvlarga muvofiq iqtisodiyot tarmoqlarida kooperatsiya loyihalarini va madaniy-gumanitar hamkorlik dasturini amalga oshirish maqsadida faol muloqot va almashinuvlarni davom ettirish muhim ekani ta’kidlandi.


Afg‘onistonda vujudga kelayotgan vaziyat yuzasidan ham fikr almashildi.

Davlat rahbari Tojikistonning SHHTdagi sermahsul raisligi davrida erishilgan natijalarni yuksak baholadi va bo‘lajak sammit tadbirlari muvaffaqiyatli o‘tkazilishini tiladi.

Prezident bugunning o‘zida Eron prezidenti Ibrohim Raisiy va Pokiston bosh vaziri Imron Xon bilan ham uchrashuvlar o‘tkazadi.

17 sentabr kuni esa Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etadi.