O‘zbekistonda Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsman) joylarda doimiy asosda ishlovchi mintaqaviy vakillari lavozimlari joriy qilinadi. Adliya vazirligi matbuot xizmatining xabar qilishicha, prezidentning 10 sentabrdagi farmonida bu haqda so‘z boradi.

Ombudsman mintaqaviy vakillari, jumladan:

  • inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini ta’minlaydi, inson huquqlari monitoringini tashkil etadi va o‘tkazadi;
  • fuqarolarning shikoyatlarini qabul qiladi va ko‘rib chiqadi, ularning buzilgan huquqlarini tiklashda ko‘maklashadi.

Ombudsmanning mintaqaviy vakillari o‘zlarining faoliyatida bevosita Ombudsmanga hisobdordir.

Farmonga ko‘ra shuningdek, yangi «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida"gi Qonun (amaldagi tahriri 2004 yildan buyon kuchda) loyihasi ishlab chiqiladi.

Iyun oxirida Shavkat Mirziyoyev qiynoqlarning oldini olish tizimini takomillashtirish to‘g‘risidagi yangi hujjatni imzolagan edi. Unda ombudsman huzurida qiynoqlarni aniqlash bo‘yicha jamoatchilik guruhlari tashkil etish ko‘zda tutilgan.