Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturida daraxtlarni kesishga muddatsiz moratoriy joriy qilinishi haqida ma’lum qildi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar berdi.

Davlat rahbari ta’kidlashiga ko‘ra, bundan buyon, parklar va yashil zonalar hududini boshqa maqsadlar uchun ishlatish qat’iyan taqiqlanadi.

Shavkat Mirziyoyev ta’kidlashicha, poytaxtda 3 ming kilometr ichki yo‘llar yangilanadi, 10 ta zamonaviy ko‘prik quriladi. Toshkentning oqova tizimi shahar hududidan tashqariga chiqarilib, davlat-xususiy sheriklik asosida yangi tozalash inshooti barpo etiladi.

«Kelgusi besh yilda Yangi Toshkent shahrini barpo etishga qaratilgan loyihani amalga oshirish bosqichma-bosqich boshlanadi. Butun mamlakatimiz bo‘ylab „Yashil makon“ umummilliy loyihasi tatbiq etiladi. Hududlarda har yili kamida 200 million tup daraxt ko‘chatlari ekiladi», — dedi u.

Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida kamida 50 gektar maydonda «yashil bog‘lar» barpo etilishi ma’lum qilindi. Shaharlar va tuman markazlarida har 50−100 ming aholi uchun jamoat parklari tashkil etiladi, dedi prezident.

Eslatib o‘tamiz, 23 avgust kuni prezident raisligida ekologik holatni yaxshilash, daraxtlar muhofazasi yuzasidan yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev daraxtlarni kesishga moratoriy 2024 yilga qadar uzaytirilishi va javobgarlik keskin kuchaytirilishi haqida ma’lum qilgan edi. Toshkent shahri va viloyat markazlarida ekologiya politsiyasi tashkil etilishi ham qayd etilgandi.

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev poytaxtda yashil hududlar ulushi 26,4 foizni tashkil etib, poytaxtda yashovchi har bir odamga 36 kv. metrdan yashil maydon to‘g‘ri kelayotganini ma’lum qilgandi. (2018 yilda 60 kv. m ekani aytilgan edi). Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkichni London darajasiga olib chiqish uchun qariyb 1,5 mln tup «sifatli daraxtlar» ekilishi kerak.