8 sentabr kuni Afg‘oniston bilan qo‘shni davlatlar tashqi siyosat mahkamalari rahbarlarining videokonferensiya shaklida uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.

Pokiston tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Qurayshiy raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I, Eron tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon, Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov va Turkmaniston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Vepa Xadjiyev ishtirok etdi.

«Afg‘oniston Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi mintaqaviy bog‘liqlikning muhim bo‘g‘inidir. Shu ma’noda, Afg‘onistonni mintaqaviy integratsiya jarayonlariga jalb qilish mamlakat iqtisodiyotini tiklashga samarali imkoniyat yaratadi», — dedi Abdulaziz Kamilov.

TIV rahbarining ta’kidlashiga ko‘ra, O‘zbekiston Afg‘oniston bilan do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini saqlab qolish, betaraflik va qo‘shni davlatning ichki ishlariga aralashmaslik tarafdori.

Shuningdek, xuddi shu kuni Afg‘oniston bo‘yicha videokonferensaloqa shaklidagi vazirlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

AQSh Davlat departamenti va Germaniya Tashqi ishlar vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan yig‘ilishda dunyoning 20 dan ortiq mamlakatlarining tashqi siyosiy idoralari rahbarlari hamda BMT, Yevropa Ittifoqi va NATO vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida Afg‘onistondagi mavjud vaziyat, Afg‘oniston inqirozini hal qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirish va mamlakat aholisiga gumanitar yordam ko‘rsatish masalalari muhokama qilindi.

«Asosiy inson huquq va erkinliklariga rioya qilish, xususan, ayollar va milliy ozchiliklar huquqlarini ta’minlash, Afg‘oniston hududida terroristik tashkilotlar faoliyat yuritishini oldini olish borasidagi Tolibonning majburiyatlarini bajarishi muhimligi qayd etildi», deyiladi TIV bayonotida.

Abdulaziz Kamilov o‘z nutqida Afg‘oniston uchun mojarolardan keyingi strategiyani ishlab chiqish, jumladan, uning iqtisodiyotini tiklash, mamlakatning mintaqaviy integratsion jarayonlarga jalb qilish, infratuzilma loyihalarini amalga oshirish zarurligiga e’tibor qaratdi, deyiladi xabarda.