Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturida kelgusi 5 yilda har bir xonadon va ijtimoiy muassasa maqbul narxda yuqori tezlikdagi internetga ulanishini aytib o‘tdi. Bu haqda “Gazeta.uz” muxbiri xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, sanoat mahsulotlari hajmi 1,4 barobar, mehnat unumdorligi esa kamida 2 marta oshiriladi.

Mis va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi 2 martaga oshadi va 8 mlrd dollarlik mahsulot ishlab chiqarishga asos yaratilishi ta’kidlandi.

Tabiiy gazni qayta ishlash darajasini 8 foizdan 20 foizga oshirish orqali kimyo sanoatida 2 mlrd dollarlik mahsulot ishlab chiqarilishi aytildi.

Shuningdek, raqamli iqtisodiyotning hajmi kamida 2,5 barobarga oshirilib, 4 mlrd dollarga yetkaziladi.

Bundan tashqari har bir xonadon va ijtimoiy muassasa maqbul narxda yuqori tezlikdagi internetga ulanadi, magistral avtomobil yo‘llari 100 foiz mobil aloqa va internet bilan qamrab olinadi.

Xalqaro magistral internet tezligi — 5 barobarga, tumanlararo tarmoqlar tezligi — 8 barobarga oshirilishi qayd etildi.