Ijtimoiy tarmoqlarda «Urganch tumanida bir kunda uchta jasad chiqqanligi» haqidagi video e’lon qilingan. Mazkur holat yuzasidan Xorazm viloyati prokuraturasi rasmiy munosabat bildirdi.

Ma’lumotga ko‘ra, 27 avgust kuni soat 17:20 larda viloyat IIBga Urganch tumani, Chotko‘pir qishlog‘i, «Orzu» mahallasida noma’lum uch nafar fuqaro kanalizatsiya quvuri ichiga tushib ketib, vafot etganligi haqida xabar kelib tushgan.

Aniqlanishicha, fuqarolar X.Sh., O.K. va Sh. K.lar Urganch tumani, Chotko‘pir qishlog‘i, «Orzu» mahallasi hududidagi ko‘p qavatli uylardan chiqqan kanalizatsiya suvlarini haydab chiqarish uchun mo‘ljallangan kanalizatsiya kamerasiga tushishganida kamera ichida to‘planib qolgan zaxarli gazdan zaxarlanib, hodisa joyida vafot etishgan, deyilada prokuratura bayonotida.

Videolavhada aytilishicha, fuqarolar bir birlarini qutqarmoqchi bo‘lishgan. Shuningdek, lavhaga ko‘ra, mazkur quvurning usti ochiq bo‘lgan va voqeadan keyin yopib qo‘yilgan.

«Necha yildan beri har yilda ikki marta xat yozardik, hokimiyat, prokuratura, hamma yerga. Kanalizatsiyani tuzatib bering. Vada beradilar, kelmaydilar shu vaqtgacha. Pul yo‘q, mablag‘ yo‘q dedi», — deydi hududda istiqomat qiluvchi fuqarolardan biri.

Holat yuzasidan, Urganch tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi 2-qismi «a» bandi (mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish odam o‘lishiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi viloyat IIB huzuridagi tergov boshqarmasi tergovchilari ish yurituviga o‘tkazilib, viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan, deyiladi xabarda.