Namangan viloyatida yo‘lni kesib o‘tayotgan fuqaroni Nexia avtomobili urib yubordi, deb xabar berdi viloyat IIB axborot xizmati.

Hodisa 28 avgust kuni soat 21:15 larda Pop-Iskovut yo‘lining 3 km.da, Pop tumani Iskovut MFY hududida sodir bo‘lgan.

Namangan shahrida yashovchi 1983 yilda tug‘ilgan fuqaro Nexia rusumli avtomashinasini boshqarib borayotib, harakat xavfsizligini ta’minlay olmagan.

Oqibatda yo‘lni kesib o‘tayotgan piyoda 1995 yilda tug‘ilgan ayolni urib yuborgan. Natijada, piyoda olgan tan jarohati oqibatida voqea joyida vafot etgan.

Ushbu holat bo‘yicha Pop tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘limiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Haydovchiga muayyan huquqdan va yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi xavf solmoqda.