«Tolibon» harakati O‘zbekiston TIVga Mustaqillikning 30 yilligi munosabati bilan tabrik maktubini yo‘lladi. Bu haqda TIV rasmiy vakili xabar berdi.

Maktub Afg‘oniston Islom Amirligi muzokaralar guruhi a’zosi va «Tolibon» harakati siyosiy idorasi matbuot kotibi Muhammad Suhayl Shahin tomonidan o‘z rahbariyati nomidan yo‘llangan, deb ma’lum qildi Yusuf Kabuljanov.

«O‘zbekiston Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish jarayonida faol ishtirok etmoqda. Mamlakatimizning konstruktiv rolini Afg‘onistonning hozirgi rahbariyati ham tan oladi», — deya qayd etdi u.

Tabrikda shunday deyiladi: «Birodar O‘zbekiston Respublikasi rahbariyati va xalqini Mustaqillik bayrami bilan samimiy tabriklaymiz. Biz qo‘shni O‘zbekiston bilan samarali va do‘stona munosabatlar o‘rnatishni xohlaymiz. O‘zbekiston ishtirokida Afg‘onistonda infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, xususan, temir yo‘l va elektr uzatish tarmoqlarini qurishni davom ettirishdan manfaatdorligimizni tasdiqlaymiz».

Unda shuningek, «Afg‘oniston Islom Amirligi tomonidan o‘zbek sheriklarimizga bu yo‘nalishda barcha zarur yordam ko‘rsatiladi», deya ta’kidlangan.