26−27 avgust kunlari bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senatining 18 yalpi majlisida bir qator muhim masalalar qatorida 8 ta qonun hujjati ham ko‘rib chiqildi va senatorlar tomonidan ma’qullandi.

«Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida» gi qonun

Hujjat bilan endilikda sug‘urta shartnomalarini faqat davlat tilida tuzilishi belgilanmoqda.

Shuningdek, sug‘urta turlarini ko‘paytirish, barqarorligini ta’minlash bilan mutanosib ravishda aholining sug‘urta madaniyatini oshirish nazarda tutilgan.

Qonunda sug‘urta bozorining professional ishtirokchilari (sug‘urta tashkilotlari, sug‘urta brokerlari, adjasterlar, assistanslar, aktuariylar, syurveyerlar) huquq va majburiyatlari aniq belgilanmoqda.

Qolaversa, sug‘urta shartnomalarini elektron tarzda internet orqali tuzish jarayoni qonun bilan mustahkamlandi.

«Qishloq xo‘jaligi kooperativi to‘g‘risida» gi qonun

Qishloq xo‘jaligi kooperativi ishlab chiqarish kooperativining shakllaridan biri bo‘lib, tijorat tashkiloti hisoblanadi.

Hujjat bilan qishloq xo‘jaligi kooperativini tashkil etish mexanizmlari, xususan, kooperativni tashkil etish va uni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, yer uchastkalarini qishloq xo‘jaligi kooperativlariga berish va ulardan foydalanish tartibi hamda qishloq xo‘jaligi kooperativining ustaviga doir talablar belgilandi.

Shu bilan birga, kooperatsiyaning boshqaruv organlarini tashkil etish tartibi, ijro etuvchi organlari, kuzatuv kengashi va ularning vakolatlari, yig‘ilishlarni chaqirish va qarorlarni qabul qilish tartibiga oid normalar nazarda tutilmoqda.

Qonunda qishloq xo‘jaligi kooperativi mulkini shakllantirish manbalari, pay badallari va pay fondi, foyda va zararni taqsimlash, kooperatsiya va a’zolar mulkiy javobgarligining huquqiy asoslari mustahkamlanmoqda.

Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi kooperativiga a’zolikka doir masalalar ham ochib berilyapti. Xususan, o‘n olti yoshga to‘lgan jismoniy shaxslar, shuningdek, qishloq xo‘jaligi kooperativi ustavi talablariga mos bo‘lgan yuridik shaxslar qishloq xo‘jaligi kooperativining a’zosi bo‘lishi mumkinligi keltirilmoqda.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi kooperativining faoliyati ustidan nazorat qilish mexanizmlari belgilanmoqda. Jumladan, qishloq xo‘jaligi kooperativining ustavida kooperativ taftish komissiyasini tuzish, ya’ni taftishchini saylash nazarda tutilishi mumkin.

Mazkur qonunning hayotga tatbiq etilishi natijasida qishloq xo‘jaligida kooperatsiya munosabatlarini shakllantirishning huquqiy asosi yaratiladi, kooperativlar faoliyati rivojlantiriladi, xo‘jalik subyektlari uchun munosabatlar to‘liq huquqiy tartibga solinadi.

«O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati organlari xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida» gi qonun

Yalpi majlisda yurtimiz aholisining tinch, osoyishta hayoti va xavfsizligini ta’minlashda Davlat xavfsizlik xizmatining o‘rni beqiyosligi ta’kidlandi.

Mazkur qonunda 26 sentyabr kunini O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati organlari xodimlari kuni sifatida belgilash nazarda tutilmoqda.

2018 yil 2 oktyabrda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati kunini belgilash to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida 5 aprel — O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining kasb bayrami etib belgilangan edi.

Bugungi kunda 5 aprel sanasini Davlat xavfsizlik xizmati kuni sifatida nishonlash (Xizmatning 30 yilligi) xavfsizlik idoralarining faoliyat yuritishini hisoblashda qarama-qarshilikni keltirib chiqarmoqda. Chunki, o‘tgan yillar davomida (2006, 2011 va 2016 yillar) xizmatning tantanali yubileylariga Davlat xavfsizlik xizmatining xorijiy hamkorlari taklif etilib, ularga esdalik nishonlari topshirilgan.

Ta’kidlanishicha, shu bois, O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yillik bayrami nishonlanganidan so‘ng, 26 sentyabr kuni Davlat xavfsizlik xizmatining 30 yilligini o‘tkazish mantiqan to‘g‘ri hisoblanadi.

Ushbu hujjat qabul qilinishi natijasida 2018 yil 2 oktyabrda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati kunini belgilash to‘g‘risida"gi Qonun o‘z kuchini yo‘qotadi va 26 sentyabr tarixiy sanasi asosida yurtimizda O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati organlari xodimlari kuni sifatida nishonlanadi.

Mazkur qonunning ma’qullanishi DXX xodimlarining ma’naviy-ruhiy kayfiyatini, xizmat uchun faxr tuyg‘usi yanada kuchayishi, avlodlar o‘rtasida ustoz-shogird an’analari saqlanib qolishi, xizmatning faxriylariga hurmat va ehtirom ko‘rsatish, shuningdek, xorijiy hamkorlar o‘rtasida davlat xavfsizlik idoralari imijini mustahkamlash imkonini beradi.

«O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida» gi qonun

Qonun bilan pandemiya davrida iqtisodiy qiyinchiliklarga duch kelgan sohalardan biri bo‘lgan turizmni qo‘llab-quvvatlash maqsadida taqdim etilgan vaqtinchalik imtiyozlarni qo‘llash muddati 2022 yilning 1 yanvarigacha uzaytirilmoqda.

Hujjat elektr dvigateli orqali harakatlanadigan avtomototransport vositalarini (elektromobillar) sotib oluvchilar, olib kiruvchilarni yig‘im to‘lashdan ozod etilishini ham nazarda tutmoqda.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi har bir shahar va tumanlarining o‘ziga xos «o‘sish nuqtasi» deb aniqlangan faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha yangidan tashkil etiladigan tadbirkorlik subyektlariga 2024 yil 1 yanvarga qadar foyda va suv soliqlari bo‘yicha 50 foizlik imtiyoz berilmoqda.

Qonunda O‘zbekiston Respublikasining boshqa davlatlar hududida joylashgan ayrim hududlari uchun ham qonun bilan alohida soliq stavkalari belgilanmoqda.

Xususan, Farg‘ona viloyatining So‘x tumani, Rishton tumanining «Cho‘ng‘ara» MFY, Farg‘ona tumanining «Shohimardon», «Yordon» va «Hosilot» MFYlari (Toshtepa ko‘chasi) uchun foyda solig‘i, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i, ijtimoiy soliq (byudjet tashkilotlaridan tashqari) va aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha 1 foiz miqdorida soliq stavkasi belgilanmoqda.

Ushbu qonun koronavirus pandemiyasi holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish hamda aholi daromadlarini ko‘paytirish, tegishli sohalardagi munosabatlarni tartibga soluvchi normativ-xuquqiy hujjatlarni tizimlashtirishga xizmat qiladi.

«Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida"gi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida» gi qonun

Ushbu qonun bilan mudofaa sohasidagi ayrim jarayonlarga yangilik va o‘zgartishlar kiritilmoqda. Xususan, mehnatga qobiliyatsiz bo‘lsa-da, oilaviy-moddiy sharoitlari yaxshi ota-onalar roziliklari bilan ularning chaqiruv yoshidagi farzandlariga muddatli harbiy xizmatga chaqirish yoki safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatni o‘tash imkoniyatini berish maqsadida qonunning 21-moddasiga o‘zgartish kiritish nazarda tutilmoqda.

Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Milliy xavfsizlik xizmatining 2006 yil 12 maydagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan Davlatga yetkazilgan zarar uchun harbiy xizmatchilarning moddiy javobgarligi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizom qayta ko‘rib chiqilib, undagi javobgarlikni belgilovchi normalar «Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida"gi qonuniga o‘tkazilmoqda.

Hujjatning qabul qilinishi mamlakatimiz mudofaa sohasidagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish, fuqarolar tomonidan harbiy xizmatni o‘tash bilan bog‘liq yo‘nalishdagi qonun hujjatlarini yagona ko‘rinishga keltirish, sohada qo‘llaniladigan tushuncha, atama va nomlanishlarni bir xil talqin etilishiga xizmat qiladi.

Ushbu qonun fuqarolar, jamiyat va davlat xavfsizligi hamda fuqarolarning mamlakat mudofaasini ta’minlashda ishtirok etishiga oid huquq va manfaatlari himoya qilinishini ta’minlaydi.

«O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida"gi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida» gi qonun

Senatorlar tomonidan muhokama qilingan qonun bilan quyidagi o‘zgartish va ko‘shimchalar kiritilayotgani ta’kidlandi:

  • bo‘sh sudyalik lavozimlariga nomzodlarning tanlov jarayonlarini internet jahon axborot tarmog‘i (shu jumladan, veb-sayt) orqali yoritib borishni yo‘lga qo‘yish nazarda tutilishi;
  • sudya faoliyatining samaradorligini elektron reyting orqali ochiq va shaffof baholashni ta’minlaydigan aniq mezonlarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish;
  • sudyalar oliy kengashi raisining o‘rinbosari vakolatlariga tegishli o‘zgartishlar va boshqa muhim qoidalar kiritilishi qayd etildi.

Qonunning qabul qilinishi natijasida ochiqlik va shaffoflik asosida sudyalar korpusini eng munosib kadrlar bilan ta’minlash mexanizmlari yanada takomillashtiriladi, sudyalarning mustaqilligini ta’minlash orqali fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasi oshiriladi, sud tizimida korrupsiyaviy holatlarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olish mexanizmlari yanada rivojlantirilishiga erishiladi.

«Sudga murojaat qilish uchun yanada qulay sharoitlar yaratilishi va fuqarolik protsessiga soddalashtirilgan ish yuritish tartibi joriy etilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun

Islohotlar natijasida sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yanada kengroq joriy etildi. Yaratilgan qulayliklar tufayli fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasi sezilarli holatda, keskin oshdi. Sudlar faoliyatiga joriy etilgan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari mamlakatning xalqaro reytinglardagi nufuzi va o‘rni oshishiga hissa qo‘shmoqda.

Bugungi kunda sud tizimida zamonaviy axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalangan holda sud tizimida «Ye-XSUD» axborot tizimi joriy etilgan bo‘lsa-da, qonun va qonun osti hujjatlarini yanada tartibga solish, ularda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini yangicha tashkil qilishni nazarda tutadigan huquqiy normalarni aniq belgilash taqozo etmoqda.

Qonun bilan 5 ta kodeks, ya’ni O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi, Fuqarolik protsessual kodeksi, Iqtisodiy protsessual kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi hamda Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksiga bir qator o‘zgarishlar va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Xususan, sud ish raqami bo‘yicha sudyani «E-XSUD» axborot tizimi orqali o‘ziga kerak bo‘lgan sud hujjatlarini olish imkoniyati yaratilgani bois, qonun bilan qonunchilikda apellyatsiya va kassatsiya shikoyatlarining mazmunida va qaytarish asoslarida nazarda tutilgan «ish bo‘yicha qabul qilingan sud qarorlarining sud tomonidan tasdiqlangan ko‘chirma nusxalari ilova qilinmagan bo‘lsa» degan qoida bekor qilinmoqda.

Iqtisodiy protsessual kodeksiga joriy etilgan va bugungi kunda ijobiy natija bergan, ya’ni soddalashtirilgan tartibda ish yuritish instituti Fuqarolik protsessual kodeksiga ham qo‘llanilmoqda.

Qonunning qabul qilinishi natijasida jismoniy va yuridik shaxslarning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini yanada oshirish, ularning ortiqcha sarf-xarajatlarini tejashga erishiladi.

Shuningdek, byurokratik to‘siqlarni qisqartirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy etishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, qonunchilikdagi ayrim bo‘shliqlarni to‘ldirib, mamlakatning xalqaro reytinglardagi nufuzi oshishiga olib keladi.

«O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida» gi qonun

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan keng qamrovli huquqiy-tashkiliy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Bu jarayon davom ettirilib, qonun va qonun osti hujjatlarni yanada tartibga solishni taqozo etmoqda. Qonun 14 ta moddadan iborat. Unga muvofiq 7 ta kodeks hamda 5 ta qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Senatorlarning ta’kidlashicha, hujjat bilan mulkdor va (yoki) operator O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsga doir ma’lumotlariga axborot texnologiyalaridan foydalangan holda shu jumladan, internet jahon axborot tarmog‘ida ishlov berishda ularning jisman O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan texnik vositalarda hamda belgilangan tartibda Shaxsga doir ma’lumotlar bazalarining davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazilgan shaxsga doir ma’lumotlar bazalarida yig‘ilishi, tizimlashtirilishi va saqlanishini ta’minlash shartligi belgilanmoqda.

«O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi to‘g‘risida"gi Qonunga muvofiq, Milliy gvardiya bo‘linmalarida harbiy xizmatchilar bilan bir qatorda maxsus unvonli xodimlar ham faoliyat ko‘rsatishi belgilangan. Biroq, ko‘pgina qonunlarda Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari, ichki ishlar organlari xodimlari haqida normalar mavjud bo‘lsa-da, Milliy gvardiya xodimlari to‘g‘risida so‘z yuritilmagan. Shu bois, «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida"gi hamda «Dafn etish va dafn ishi to‘g‘risida"gi qonunlar, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Byudjet va Soliq kodekslariga Milliy gvardiya xodimlari bilan bog‘liq tegishli qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Shuningdek, buxgalteriya hisobi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish bilan bog‘liq norma boshqa normativ-hujjatlarga muvofiqlashtirilmoqda. Ya’ni, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks va «Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida"gi Qonunga o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Ushbu o‘zgarishlarning kiritilishi insonning shaxsiy daxlsizligi oliy qadriyat ekanligi munosabati bilan insonning shaxsiy hayoti, uning shaxsiga doir ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda olish, qayta ishlash, saqlash, tarqatishdan jismoniy va yuridik shaxslarning javobgarlik tahdidi bilan tiyilishi va umuman unga doir ma’lumotlar bilan qonuniy ishlash samaradorligi oshirilishiga xizmat qiladi.