O‘zbekistonda 26 avgustdan boshlab yangi ko‘rinishdagi nominal qiymati 5000 so‘m va 10 000 so‘m bo‘lgan banknot shaklida pul belgilarini muomalaga chiqarildi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar.

Birinchi qog‘oz pullar Xitoyda 910 yilda paydo bo‘lgan bo‘lsa, dunyodagi birinchi banknotlar 1661 yilda Stokgolmda chop etila boshlangan. Bugungi kunda banknotlar asosan ikki turdagi materialdan — tarkibida paxta va zig‘ir bo‘lgan qog‘oz yoki polimerdan (plastik) qilinadi. Ba’zi banknotlar uchun gibrid, ya’ni qog‘oz va plastik materialidan ham foydalaniladi.

Har bir mamlakatda o‘ziga xos dizaynga ega pullarni — shakli gorizontal yoki vertikal, o‘lchami katta yoki kichik, har xil qiymatda, banknotlarning ustida tarixiy obidalar va yodgorliklar, milliy kahramonlar va davlat arboblari, tabiat, hattoki zamonaviy abstrakt suratlar tasvirlarini ko‘rsa bo‘ladi.

1961 yilda tashkil etilgan Xalqaro banknot jamiyati (XBJ) 2004 yildan buyon «Yil banknoti» tanlovini o‘tkazib keladi. Tashkilot yil davomida yangi chop etilgan banknotlar bo‘yicha takliflarni qabul qiladi. So‘ngra, XBJning ikki mingga yaqin a’zosi uchta mezon asosida — badiiy elementlar, dizayn va yangi xavfsizlik xususiyatlariga asoslanib, saralab olingan pullarni baholaydilar.

Eng ko‘p ball to‘plagan banknot «Yil banknoti» deb e’lon qilinadi. Bundan tashqari, tashkilotning vazifalariga qog‘oz pullar bilan bog‘liq ma’lumotlarni o‘rganish, to‘plash va tarqatish ham kiradi.

Mazkur tanlovda 2010−2020 yillarda g‘olib bo‘lgan dunyo mamlakatlari pullari haqida «Gazeta.uz» so‘z yuritadi.

«Yil banknoti 2020» — Meksikaning 100 pesosi

Foto: IBNS

2020 yilda Xalqaro banknot jamiyati Meksika bankining 100 peso banknotini mazkur nominatsiya g‘olibi deb e’lon qildi. O‘lchami 132×65 mm, vertikal shakldagi banknot polimer materialda chop etilgan bo‘lib, 2020 yil 11 dekabrda muomalaga chiqarildi. Uning old tomonida Meksikaning milliy qahramonlaridan biri, shoira va yozuvchi Sor Xuan Ines de la Krus tasvirlangan. Orqa tomonida dunyoda «Monarx kapalaklari biosfera qo‘riqxonasi» nomi bilan mashhur bo‘lgan mo‘’tadil o‘rmon ekotizimi aks etgan. Bundan tashqari, banknotda mamlakatning madaniy va tarixiy obidalarini ko‘rish mumkin. Bugungi kunda 100 pesoning ayirboshlash qiymati 4,93 dollarga teng (maqola e’lon qilingan sanada).

Tashkilotning ma’lum qilishicha, 2020 yil davomida butun dunyo bo‘ylab 100 dan ortiq yangi banknotlar muomalaga chiqarilgan va ulardan atigi 24 tasi nominatsiyaga taqdim etilgan. Birinchi o‘rin uchun, shuningdek, Shotlandiyaning 20 funt sterlingi, Shimoliy Irlandiyaning 20 funti, Bagama orollarining 5 dollari va Fijining 50 dollarli banknoti kurashgan.

Ta’kidlash joiz, ushbu tanlovda Meksika milliy valyutasi ilk marotaba g‘olib bo‘lgan.

«Yil banknoti 2019» — Arubaning 100 florini


Foto: BanknoteNews

«Yil banknotasi 2019» tanlovida Aruba Markaziy bankining 100 florin banknoti g‘olib bo‘lgan. 2019 yil 3 iyunda muomalaga chiqarilgan Arubaning ushbu banknoti vertikal shaklda va o‘lchami 148×74 mm bo‘lib, qog‘ozda chop etilgan. Uning old tomonida mamlakat tabiatiga xos iguana va aloe o‘simligi tasvirlangan. Orqa tomonida yashil va ko‘k tasmalar bilan raqsga tushgyotan ayollar aks etgan. Hozirda 100 florinning ayirboshlash qiymati 55,56 dollarga teng (maqola e’lon qilingan sanada).

2019 yilda dunyo bo‘ylab 100 dan ortiq yangi banknotlar, jumladan O‘zbekistonda 100 ming so‘mlik banknot muomalaga chiqarildi. 22 ta banknot tanlovda ishtirok etgan. Arubaning 100 floriniga Sharqiy Karib dengizi davlatlarining 10 dollari, Shimoliy Irlandiyaning 5 funti va Shveysariyaning 1000 franki raqiblik qilgan. Aruba pul birligi ushbu tanlovda ilk bor qatnashgan.

Ma’lumot uchun: Aruba — kichik orol-davlat bo‘lib, Karib dengizining janubida, Venesuela sohillari yaqinida joylashgan. Mamlakat 1986 yildan buyon Gollandiya Qirolligining ajralmas qismi hisoblanadi. Yer maydoni 180 kv km, aholisi esa 120 ming kishidan iborat.

«Yil banknoti 2018» — Kanadaning 10 dollari


Foto: BanknoteNews

2018 yilda XBJ Kanada bankining 10 dollarlik banknotini mazkur tanlov g‘olibi etib e’lon qildi. O‘lchami 152×70 mm, vertikal shakldagi banknot polimer materialda chop etilgan bo‘lib, 2018 yil 19 noyabrda muomalaga chiqarildi. Banknotning old tomonida butun Kanada bo‘ylab irqiy tenglik uchun kurash olib borgan — «adolat timsoli» Viola Desmond tasvirlangan. Desmond mamlakat pulida tasvirlangan birinchi kanadalik ayol hisoblanadi. Qolgan barcha ayollar Britaniya qirollik oilasining a’zolari bo‘lgan. Pulning orqa tomonida 2014 yilda ochilgan Kanada inson huquqlari muzeyi aks etgan. Bugungi kunda 10 Kanada dollarining ayirboshlash qiymati 7,93 dollarga teng (maqola e’lon qilingan sanaga ko‘ra).

Tashkilotning ma’lumotlariga ko‘ra, 2018 yilda dunyo bo‘ylab 150 dan ortiq yangi banknotlar chop etilgan va ularning atigi 10 foizi tanlov uchun saralab olingan. Kanada dollarining raqiblari orasida Shveysariyaning 200 franki, Norvegiyaning 500 kroni, Rossiyaning 100 rubli va Solomon orollarining 40 dollarlik banknoti bo‘lgan. Kanada birinchi marta 2004 yilda ushbu mukofotga sazovor bo‘lgan.

«Yil banknoti 2017» — Shveysariyaning 10 franki


Foto: BanknoteNews

«Yil banknoti 2017» tanlovida Shveysariya milliy bankining 10 franklik banknoti g‘olib bo‘lgan. 2017 yil 18 oktyabrda muomalaga chiqarilgan Shveysariyaning ushbu banknoti vertikal shaklda va o‘lchami 123×70 mm bo‘lgan bo‘lib, gibrid materialda, ya’ni qog‘oz va polimerda chop etilgan. Uning old tomonida orkestrni boshqarayotgan qo‘llar va vaqt zonalari ko‘rsatilgan globus aks etgan. Orqa tomonida Shveysariya temir yo‘llarining punktualligini anglatuvchi soat mexanizmi va mamlakat temir yo‘llari tizimi tasvirlangan. Hozirda 10 frankning ayirboshlash qiymati 7,92 dollarga teng (maqola e’lon qilingan sanada).

2017 yilda dunyoda 170 dan ortiq yangi banknotlar, jumladan O‘zbekistonda 10 ming va 50 ming so‘mlik banknotlar muomalaga chiqarilgan. Shulardan deyarli uchdan bir qismi tanlovda nomzod sifatida qatnashgan. Shveysariya banknotiga Shotlandiyaning 10 funti, Kanadaning 10 dollari, Fijining 7 dollari, Rossiyaning 2 ming rubli va Qirg‘izistonning 2 ming somi raqiblik qilgan. Shveysariya uchun bu ketma-ket ikkinchi g‘alaba bo‘lgan.

«Yil banknoti 2016» — Shveysariyaning 50 franki


Foto: IBNS

2020 yilda Xalqaro banknot jamiyati Shveysariya milliy bankining 50 frank banknotini tanlov g‘olibi deb e’lon qilgan. O‘lchami 137×70 mm, vertikal shakldagi banknot gibrid (qog‘oz va polimer) materialda chop etilgan va 2016 yil 4 dekabrda muomalaga chiqarildi. Ta’kidlanishicha, banknot dizayni shamolga bag‘ishlangan. Uning old tomonida momaqaymoq ushlab turgan qo‘l va Yerdagi barcha shamol oqimlari tasvirlangan. Orqa tomonida tog‘lar ustidan uchayotgan paroplan aks etgan. Bugungi kunda 50 frankning ayirboshlash qiymati 39,6 dollarga teng (maqola e’lon qilingan sanada).

2016 yilda dunyo bo‘ylab deyarli 120 ta yangi banknotlar muomalaga chiqarildi, ularning yarmidan ko‘pi tanlovda qatnashish uchun loyiq deb topildi. Shveysariya franki bilan birga birinchi o‘rin uchun Maldiv orollarining ming rufiasi, Argentinaning 500 pesosi, Shotlandiyaning 5 funti, Gruziyaning 50 larisi, Belarusning 100 rubli va boshqa banknotlar kurashdi.

«Yil banknoti 2015» — Yangi Zelandiyaning 5 dollari


Foto: BanknoteNews

«Yil banknoti 2015» tanlovida Yangi Zelandiya rezerv bankining 5 dollarlik banknoti birinchi o‘rinni egalladi. 2015 yil 10 dekabrda muomalaga chiqarilgan ushbu banknot gorizontal shaklda va o‘lchami 138×66 mm bo‘lgan bo‘lib, polimer materialda chop etilgan. Banknotning old tomonida mamlakatning eng baland nuqtasi Kuk (Aoraki) tog‘i va birinchilardan bo‘lib Everest cho‘qqisini zabt etgan Edmund Xillari — Yangi Zelandiya tadqiqotchisi va alpinisti aks etgan. Orqa tomonida sariq ko‘zli pingvin (hoiho qushi), moychechak va qirqqulok o‘simliklari tasvirlangan. Hozirda 5 Yangi Zelandiya dollarining ayirboshlash qiymati 3,47 dollarga teng (maqola e’lon qilingan sanada).

Yangi Zelandiyaga ushbu tanlovda Shotlandiyaning 5 funti, Gambiyaning 100 dalasi, Shvetsiyaning 20 kronasi, Qozog‘istonning 20 ming tengesi, Ukrainaning 100 grivnalik banknotlari raqiblik qilgan.

«Yil banknoti 2014» — Trinidad va Tobagoning 50 dollari

Foto: BanknoteNews

2014 yilda XBJ Trinidad va Tobago Markaziy bankining 50 dollarlik banknotini «Yil banknoti» nominatsiyasi g‘olibi deb e’lon qildi. Banknot polimer materialda, o‘lchami 152×70 mm, gorizontal shaklda chop etilgan bo‘lib, 2014 yil 15 dekabrda muomalaga chiqarildi. Uning old tomonida qizil gibiskus guli va kardinal qushi tasvirlangan. Pulning orqa tomonida ham parvoz etayotgan kardinal qushi, shuningdek, Erik Vilyamsning Port-of-Speyndagi (mamlakat poytaxti) moliyaviy majmuasi va karnaval libosidagi raqqosa aks etgan. Bugungi kunda 50 Trinidad va Tobago dollarining ayirboshlash qiymati 7,36 dollarga teng (maqola e’lon qilingan sanada).

2014 yilda dunyoda 130 dan ortiq yangi banknotlar chop etilgan, ulardan 35 ga yaqini tanlovda qatnashgan. Trinidad va Tobago dollarining raqiblari orasida Polshaning 20 zlotiysi, Isroilning 50 shekeli, Qozog‘istonning ming tengesi, Quvaytning 10 dinorlik banknoti bo‘lgan.

«Yil banknoti 2013» — Qozog‘istonning ming tengesi

Foto: BanknoteNews

«Yil banknoti 2013» tanlovida Qozog‘iston milliy bankining ming tengelik banknoti birinchi o‘rinni egalladi. U 2013 yil 12 dekabrda muomalaga chiqarilgan bo‘lib, o‘lchami 134×70 mm, vertikal va gorizontal shakllarda 20 mln nusxada chop etilgan. Uning old tomonida «Qozoq Eli» (Nur-Sulton shahridagi) yodgorligi va «Kultegin» haykalining bir qismi aks etgan. Orqa tomonida turkiy yozuv yodgorligi fonida turk jangchilarining petroglif tasvirlari mavjud. Hozirda ming tengening ayirboshlash qiymati 2,35 dollarga teng (maqola e’lon qilingan sanada).

Ta’kidlanishicha, 2013 yilda dunyoda 50 dan ortiq yangi banknotlar, jumladan O‘zbekistonda 5 minglik banknot chop etilgan. Ulardan 12 tasi tanlovda qatnashgan. Qozog‘iston bilan birga birinchilik uchun Yevropa Ittifoqining 5 yevrosi, AQShning 100 dollari, Rossiyaning 100 rubli, Kanadaning 10 dollarlik banknoti kurashgan. Ma’lumot uchun, Qozog‘iston milliy valyutasi ushbu tanlovda 3 yil ketma-ket birinchi o‘rinni egallab kelgan.

«Yil banknoti 2012» — Qozog‘istonning 5 ming tengesi

Foto: BanknoteNews

2012 yilda «Yil banknoti» nomitsiyasi sohibi Qozog‘iston milliy bankining 5 ming tengelik banknoti bo‘ldi. Qog‘oz pul o‘lchami 144×76 mm, vertikal va gorizontal shaklda chop etilgan bo‘lib, 2011 yil 30 dekabrda muomalaga chiqarildi. Banknotning old tomonida «Qozoq Eli» (Nur-Sulton shahridagi) yodgorligi, parvoz etayotgan kabutarlar va qoplon aks etgan. Gorizontal formatning orqa tomonida mamlakat xaritasi fonida tog‘lar, Olmaotadagi «Qozog‘iston» mehmonxonasi va «Mustaqillik yodgorligi» bor. Bugungi kunda 5 ming tengening ayirboshlash qiymati 11,77 dollarga teng (maqola e’lon qilingan sanada).

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2012 yilda 100 ga yaqin yangi banknotlar chop etilgan. Ulardan 13 tasi, jumladan Kanadaning 50 dollari, Jersining 100 funt sterlingi, Turkmanistonning 20 manati va Ummonning 50 riali birinchi o‘rin uchun kurashgan.

«Yil banknoti 2011» — Qozog‘istonning 10 ming tengesi


Foto: BanknoteNews

2011 yilda mazkur tanlov sovrindori Qozog‘iston milliy bankining 10 ming tengelik banknoti bo‘ldi. 2011 yil 4 iyulda muomalaga chiqarilgan ushbu banknot o‘lchami 149×79 mm, vertikal va gorizontal shaklda 30 mln nusxada chop etilgan. 10 ming tengelik banknot Qozog‘iston mustaqilligining 20 yilligiga bag‘ishlangan. Qozoq pulining old tomonida, aksariyat dizayndagi banknotlarga o‘xshab, «Qozoq Eli» (Nur-Sulton shahri) yodgorligi va parvoz etayotgan kabutarlar tasvirlangan. Uning orqa tomonida mamlakat prezidentining «Oqorda» qarorgohi aks etgan. 10 ming tengening bugungi ayirboshlash qiymati 23,54 dollarga teng (maqola e’lon qilingan sanada).

O‘sha yilda dunyo bo‘ylab 100 ga yaqin yangi banknotlar muomalaga chiqarilgan. 12 ta yangi dizayndagi banknot tanlov uchun loyiq deb topildi. Qozog‘oston milliy valyutasining 2011 yildagi raqiblari Kanadaning 100 dollari, Gibraltarning 100 funt sterlingi, Shri-Lankaning ming rupiyasi va Bruneyning 10 ringgitlik banknotlari bo‘lgan.

«Yil banknoti 2010» — Ugandaning 50 ming shillingi

Foto: IBNS

2010 yilda «Yil banknoti» nomitsiyasida Uganda bankining 50 ming shillinglik banknoti g‘olib chiqdi. Qog‘oz pulning old tomonida «Strayd» yodgorligi va Bvindi tropik o‘rmoni tasvirlangan. «Strayd» yodgorligi Hamdo‘stlik hukumat rahbarlarining 2007 yilda Kampalada bo‘lib o‘tgan uchrashuvi xotirasiga o‘rnatilgan bo‘lib, u er, xotin va o‘g‘ildan iborat, ya’ni bir oila timsoli Hamdo‘stlik mamlakatlarining birgalikdagi rivoji ramzini aks etmoqda. Banknotning orqa tomonida tog‘ gorillalari va «Mustaqillik yodgorligi» mavjud. 1962 yil oktyabr oyida Ugandaning mustaqilligi sharafiga o‘rnatilgan haykalda millatning tug‘ilishi sharafiga bolasini boshiga ko‘tarib zanjirband qilingan ayol tasvirlangan. Hozirda 50 ming shillingning ayirboshlash qiymati 14,15 dollarga teng (maqola e’lon qilingan sanada).

2010 yilda Ugandaning shillingiga 13 ta yangi banknot, jumladan Daniyaning 200 kronasi, Meksikaning 500 pesosi, Qozog‘istonning ming tengesi, Tojikistonning 500 somonisi va Suriyaning 50 funti raqiblik qilgan.

Hozirda Xalqaro banknot jamiyati «Yil banknoti 2021» tanlovi uchun takliflarni qabul qilmoqda. Ayni paytgacha to‘rtta banknot — Ummonning yarim riali, Angliya bankining 50 funt sterlingi, Shotlandiyaning 50 funti va Saudiya Aravistonining 200 riali banknotlari ro‘yxatga olindi. G‘olib 2022 yilda tashkilot a’zolari tomonidan ovoz berish orqali aniqlanadi.