25 avgust kuni xorijiy davlatlarning O‘zbekistonga yangi tayinlangan elchilari tomonidan ishonch yorliqlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident axborot xizmati xabar berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Ruminiya elchisi Daniyel Kristian Chobanu, Polsha elchisi Radoslav Gruk, Tojikiston elchisi Abdujabbor Rahmonzoda, Shveysariya elchisi Konstantin Obolenskiy va Germaniya elchisi Tilo Klinnerdan ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi.

«Davlat rahbari yangi tayinlangan elchilarni O‘zbekistondagi diplomatik missiyasini boshlagani bilan samimiy tabrikladi va mamlakatning „ochiq va pragmatik tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishlari“ haqida gapirdi», deyiladi xabarda.

O‘zbekiston yetakchisi Afg‘onistondagi vaziyat rivoji bilan bog‘liq masalalarga alohida e’tibor qaratdi. Bugun ushbu mamlakatda ro‘y berayotgan voqealar butun xalqaro hamjamiyatda tashvish uyg‘otayotgani ta’kidlandi. O‘zbekiston afg‘on inqirozini tez fursatda tartibga solishga ko‘maklashish uchun muhim tashabbuslarni ilgari surayotgani va zarur sa’y-harakatlarni amalga oshirayotgani qayd etildi.