Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi COVID-19 bilan kasallanganlarni uyda qanday parvarish qilish kerakligi va bemorlar uchun o‘z yaqinlarini infeksiyadan qanday himoya qilish mumkinligi haqidagi eslatmalarni e’lon qildi. JSST tavsiyalarini infografika shaklida ko‘rish mumkin. Quyida, shuningdek, matnli versiya ham taqdim etilgan.

Bemorga xavf ostida bo‘lmagan (60 yoshgacha va surunkali kasalliklari bo‘lmagan) odam qarashi kerak. Bemor izolyatsiya qilingan joyda yoki alohida xonada bo‘lishi kerak. Xona derazalarini ochib, muntazam ravishda shamollatib turish zarur. Kasallik paytida mehmonlarni qabul qilish mumkin emas va bemor bilan muloqot qilganda kamida bir metr masofani saqlash kerak.

COVID-19 bilan kasallangan bemor bo‘lgan xonaga kirganda, niqob taqish kerak. Qo‘llarni iloji boricha tez -tez sovun bilan yuvish hamda jihozlar ustini dezinfeksiya qilish kerak. Bemorga hech kim ishlatmasligi kerak bo‘lgan alohida idishlar, idish -tovoqlar va choyshablar ajratilishi zarur.

Virus yuqtirgan odam, agar xonada yolg‘iz bo‘lmasa, niqob taqishi, aksirganda yoki yo‘talayotganda og‘zini bekitishi va barcha chiqindilarni mahkam yopiladigan paketlarga solib qo‘yishi kerak.

COVID-19 bilan kasallangan odamga tinchlik, ko‘p suyuqlik va to‘g‘ri ovqatlanish muhim. Agar surunkali kasallikka chalingan bo‘lsa, u dori -darmonlarni qabul qilishni davom ettirishi kerak. Isitma va og‘riqlar sezilganda paratsetamol/atsetaminofenni ko‘rsatmalarga muvofiq qabul qilish lozim. Antibiotiklar COVID-19 ga qarshi samarasiz.

COVID-19 bilan kasallangan bemordagi alomatlarni muntazam tekshirib turish kerak. Nafas olishning qiyinlashuvi, ko‘krakdagi og‘riqlar, alahsirash, nutq yoki harakatchanlikning yo‘qolishi kabi xavfli belgilar paydo bo‘lganda darhol tibbiy yordamga murojaat qilish kerak.

Ba’zi odamlarda COVID-19 yanada og‘ir kechish xavfi mavjud. Yuqori xavf omillariga quyidagilar kiradi:

  • 60 yoshdan katta bo‘lish;
  • gipertoniya;
  • qandli diabet;
  • yurak kasalliklari;
  • surunkali o‘pka kasalliklari;
  • miyaning qon tomir kasalliklari;
  • demensiya;
  • ruhiy kasalliklar;
  • surunkali buyrak kasalliklari;
  • immunitetning pasayishi (shu jumladan OIV infeksiyasi);
  • semizlik;
  • saraton.

35 yoshdan oshganlik, semizlik va surunkali kasalliklar homiladorlik paytida yuqori xavf omillari hisoblanadi. Agar ushbu xavf omillaridan biri mavjud bo‘lsa, infeksiyaga chalingan bemor shifokorlar nazorati ostida bo‘lishi kerak.

Qondagi kislorod darajasini kuzatish uchun pulsoksimetrdan foydalanish mumkin. O‘lchovlar kuniga ikki marta o‘tkazilishi va ko‘rsatmalar shifokorga yetkazilishi kerak. Agar kislorod darajasi 90 foizdan 94 foizgacha bo‘lsa, ko‘rsatmalar uchun tibbiyot muassasiga murojaat qilish kerak. Agar kislorod darajasi 90 foizdan past bo‘lsa, darhol tibbiy yordamga murojaat qilish zarur.

Bundan tashqari, agar bolaning kislorod darajasi 90 foizdan past bo‘lsa, yo‘talsa, nafas olishi qiyinlashsa, ema yoki icha olmasa, holsizlik, hushidan ketish yoki tutqanoq bo‘lsa, darhol tibbiy yordamga murojaat qilish kerak.

Kasallikdan keyin jismoniy mashqlar

Jismoniy mashqlar COVID-19 og‘ir shaklidan tuzalgandan keyingi tiklanishning muhim qismi hisoblanadi. Jismoniy faollikka qaytish asta-sekinlik bilan amalga oshirilishi kerak. Kuchli charchoq yoki og‘riqqa sabab bo‘ladigan og‘ir jismoniy mashqlarni bajarmaslikka harakat qilish lozim.

Mashqlarni boshlashdan avval qizib olish uchun chigalyozdi mashqlarini qilish kerak. Mashqlar uchun qulay ustki kiyim va oyoq qiyim bo‘lishi zarur. Ovqatlanish bilan mashq boshlash orasida kamida bir soat vaqt o‘tishi lozim. Ko‘p-ko‘p suv ichish kerak, havo harorati juda issiq bo‘lganda mashq qilish tavsiya etilmaydi.

Bajarishda biroz mushkullik seziladigan mashqlar qilish kerak. Bunda agar inson o‘zini yaxshi his qilsa, mashqlar soni, davomiyligi va tezligini asta-sekin oshirib borish zarur. Og‘riq va charchoq tufayli mashq qilish og‘irlashsa, jismoniy yuklamani kamaytirish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Mashqlar tufayli maza qochgani sezilsa, mashqlarni to‘xtatish va shifokor bilan bog‘lanish kerak.

Avvalroq, «Gazeta.uz» JSST tomonidan tavsiya etilgan reabilitatsion jismoniy mashqlar va COVID-19`ning og‘ir shaklini o‘tkazgan kattalar uchun organizmni tiklash usullarini e’lon qilgan edi.