Boliviyaning sobiq prezident v.b. «insoniylikka qarshi jinoyatlar» uchun 30 yillik qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin

Boliviyaning sobiq prezident vazifasini bajaruvchi Janin Anes (2019−2020) to‘ntarishdan keyin respublika rahbari bo‘lgan davrda «insoniylikka qarshi jinoyatlar» uchun 30 yillik qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin. Inson huquqlari bo‘yicha Amerikaaro Komissiyaning mustaqil ekspertlar guruhi Anes hukumati buyrug‘i bilan amalga oshirilgan harbiy va politsiya operatsiyalari natijasida o‘nlab tinch fuqarolar o‘ldirilgani va ko‘p odamlar yaralangani to‘g‘risida xulosa taqdim etdi.

Janin Anes 13 mart kuni davlat to‘ntarishi tergovi doirasida hibsga olingan. U terrorizm, qo‘zg‘olonga da’vat va fitna uyushtirishda ayblandi. Shu bilan birga, bir necha sobiq vazirlar hamda armiya, dengiz va havo kuchlarining sobiq qo‘mondonlari hibsga olindi. Anes o‘zini siyosiy ta’qiblar qurboni deb hisoblaydi. — TASS.

2019 yil noyabr oyida Boliviyaning sobiq prezidenti Evo Morales uning qayta saylanishiga qarshi norozilik namoyishlari fonida iste’foga chiqqan edi. O‘sha paytda Senatorlar palatasining ikkinchi vitse-spikeri bo‘lgan Anes yangi saylovlar o‘tkazilgunga qadar davlat rahbari lavozimini egallashini e’lon qilib, o‘z kabinetini tayinladi.


Janubiy Koreya tashkilotlari KXDRga 535 ming tonna guruch yetkazib beradi

Janubiy Koreyaning jamoat va diniy tashkilotlari KXDRga insonparvarlik yordami sifatida 500 ming tonnadan ortiq guruch yetkazib berishni rejalashtirmoqda. Noyabrgacha KXDRga 535 ming tonna guruch yuborish rejalashtirilgan. 100 ming tonnalik birinchi partiya 20−22 sentyabr kunlari nishonlanadigan Chusok hosil bayramidan oldin yetkazib beriladi. Shu maqsadda korxonalar, kasaba uyushmalari va oddiy fuqarolarning xayr-ehsonlari, shuningdek, Koreya tinchlik jamg‘armasi yordami hisobidan 300 mlrd von (256 mln dollarga yaqin) mablag‘ yig‘ish ko‘zda tutilgan.

Janubiy Koreya qishloq xo‘jaligi iqtisodiyoti instituti ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilda KXDRda hosil yetishmasligi va tabiiy ofatlar oqibatida oziq-ovqat tanqisligi 858 ming tonnani tashkil etmoqda. Shu bilan birga, Pxenyan, ehtimol, mamlakatga koronavirus infeksiyasi kirib kelishidan xavotirlanib chet el gumanitar yordamlarini olishdan bosh tortmoqda. — TASS.

Avvalroq, Shimoliy Koreyada oziq-ovqat tanqisligi kuzatilayotgani, aholiga armiya zaxirasidan guruch tarqatish boshlangani haqida xabar bergan edik.


AQSh Xitoy aviakompaniyalariga nisbatan cheklovlar joriy qildi

AQSh Transport vazirligi bayonotga ko‘ra, keyingi to‘rt hafta ichida AQShga uchayotgan Xitoy aviakompaniyalarining samolyotlari 40 foizgacha yo‘lovchilar bilan to‘lgan bo‘lishi kerak.

Cheklovlar har bir aviatashuvchi uchun navbat bilan 23 avgustdan 19 sentyabrgacha amal qiladi. 23 avgustdan 29 avgustgacha Air China reyslariga, 30 avgustdan 5 sentyabrgacha China Eastern Airlines reyslariga, 6 sentyabrdan 12 sentyabrgacha China Southern Airlines reyslariga va 13 sentyabrdan 19 sentyabrgacha Xiamen Airlinesga.

Ta’kidlanishicha, AQSh regulyatori Xitoy hukumatining United Airlines aviakompaniyasiga nisbatan xuddi shunday cheklov o‘rnatgani munosabati bilan tegishli qaror qabul qildi. Xitoyning bunday qaroriga 21 iyul kuni San-Fransiskodan Shanxayga uchayotgan besh yo‘lovchida koronavirus aniqlangani sabab bo‘lgan. — TASS.


Afg‘oniston mojarosi bo‘yicha so‘nggi xabarlar

Afg‘onistondagi vaziyat:

  • «Tolibon» Afg‘oniston Mustaqillik kuni munosabati bilan deklaratsiya e’lon qildi. «Xudoga hamdu sanolar bo‘lsin, bugun biz Britaniya ishg‘olidan mustaqilligining [102] yilligini nishonlamoqdamiz. Shu bilan birga, biz boshqa qudratli va mag‘rur kuchni mag‘lub etdik va uni Afg‘onistonning toza tuprog‘ini tark etishga majbur qildik», — deyiladi bayonotda. Ularningcha, Afg‘oniston xalqi «uch asr ketma-ket uchta imperiya», ya’ni Buyuk Britaniya, SSSR va AQSh ustidan ustunlikni qo‘lga kiritgan. Shuningdek, harakat Afg‘oniston bo‘ylab imom-xatiblarga murojaat qilib, o‘z vatandoshlarini juma namozida mamlakatning bo‘lajak hukumati bilan hamkorlik qilishga chaqirishlarini so‘ragan.

Afg‘oniston Mustaqillik kuni — 1919 yilda Angliya-Afg‘oniston shartnomasi imzolanishi munosabati bilan 19 avgustda nishonlanadigan milliy bayramdir. Bu bitimga muvofiq, Buyuk Britaniya Afg‘oniston davlatining mustaqilligini tan olgan.

  • Mamlakat Mustaqillik kuniga bag‘ishlangan namoyishlar Kobul va sharqdagi Kunar viloyatining Asadobod shahrida bo‘lib o‘tdi. Mahalliy aholi qo‘lida uch rangli bayroq (Afg‘oniston sobiq bayrog‘i) bilan namoyishlar o‘tkazgan. TASSning Reuters’ga tayanib xabar berishicha, Asadobodda bir necha kishi halok bo‘lgan. Ularning o‘limi sabablari keltirilmagan, ammo mahalliy aholining so‘zlariga ko‘ra, toliblar olomonga qarata o‘q uzishgan.
  • «Tolibon» harakati rahbari Xaybatulloh Ohundzoda Afg‘oniston qamoqxonalaridan siyosiy mahbuslarni ozod qilishga buyruq berdi. Shu bilan birga, payshanba kuni «Tolibon» yetakchilaridan biri bo‘lgan mulla Muhammad Rasul Pokiston qamoqxonasidan ozod qilindi.
  • «Tolibon» harakati muxoliflari AQSh va G‘arbdan toliblarga qarshi kurashish uchun qurol va aslaha-anjom yetkazib berishni so‘rashdi. Bu haqda harakat nazoratida bo‘lmagan Panjshir viloyatidagi qarshilik kuchlarini boshqarayotgan Ahmad Masud «The Washington Post»ga yozgan. Ahmad Masudning qo‘shimcha qilishicha, Afg‘oniston armiyasi sobiq qo‘mondonlikdan norozi, shu jumladan maxsus kuchlar bo‘linmalari unga va Afg‘oniston vitse-prezidenti Amrulloh Solihga Panjshirda qo‘shilishmoqda.
  • Ashraf G‘ani videomurojaat bilan chiqib, Afg‘onistonni tark etishini «qon to‘kilishini oldini olish zarurati» bilan izohladi. Siyosatchi tez orada mamlakatga qaytishga va’da berdi. Shuningdek u «Afg‘onistonda adolatga erishish uchun» harakatlarini davom ettirishini ta’kidlab, afg‘onlar manfaati uchun kurashmoqchi ekanini ma’lum qildi.
  • Yakshanba kunidan buyon Kobul xalqaro aeroporti yonida 12 kishi halok bo‘ldi. O‘limlarga o‘q jarohatlari yoki tiqilinch sabab bo‘lgan. «Tolibon» tegishli hujjatlari bo‘lmagan odamlarni aeroportni tark etishga chaqirdi.

Afg‘oniston va dunyo hamjamiyati:

  • Turkmaniston hukumati xorijiy fuqarolarni Afg‘onistondan evakuatsiya qilish uchun havo makonini taqdim etishga qaror qildi.
  • 14 avgustdan buyon AQSh hukumati Afg‘onistondan qariyb 6 ming kishini evakuatsiya qildi.
  • Turkiya prezidenti Toyyip Erdog‘anning aytishicha, mamlakat «Tolibon» harakati bilan hamkorlik qilishga tayyor. «Biz afg‘on xalqining tinchligini saqlash, bu mamlakatda yashovchi turk fuqarolarining farovonligini ta’minlash, shuningdek, davlatimiz manfaatlarini himoya qilish uchun har qanday hamkorlikka tayyormiz», — dedi Turkiya rahbari.
  • BMTda ta’kidlanishicha, Afg‘onistonga 200 mln dollarlik oziq-ovqat yordami kerak. Bundan tashqari, tashkilot Afg‘oniston shaharlaridagi ko‘chalarda vaziyat asta-sekin normal holatga qaytayotganini aytdi
  • YUNESKO bosh direktori Odre Azule Afg‘onistonda ta’lim olish huquqini to‘sqinliksiz amalga oshirishga chaqirdi. Tashkilot rahbari Afg‘onistondagi tez rivojlanayotgan voqealarga javoban «hamma, ayniqsa, qizlar va ayollar uchun ta’lim olishning asosiy huquqi to‘siqsiz bo‘lishi kerak», deb aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, YUNESKO «Afg‘onistonning barcha aholisini ta’lim olish huquqini ta’minlash uchun bor sa’y-harakatlarini ishga soladi».

Shuningdek:

  • Shanba kuni Gaitida yuz bergan zilzila qurbonlari soni 2189 kishiga yetdi.
  • Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligining Gamaleya markazida COVID-19 koronavirusining «delta» shtammiga ixtisoslashtirilgan «Sputnik V» vaksinasining varianti ishlab chiqildi.
  • Latviya poytaxti Rigada bir necha ming kishi ishtirokida majburiy emlashga qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi.
  • Burkina-Fasoda jangarilar bilan to‘qnashuvda kamida 47 kishi, jumladan 14 askar halok bo‘ldi. Hukumat kuchlari 16 jangarini yo‘q qilishga muvaffaq bo‘ldi.