15 avgust kuni Qashqadaryo viloyati Koson tumani hokimligi binosi atrofiga o‘rnatilgan temir to‘siqlar olib tashlandi. Bu haqda tuman ma’muriyati matbuot xizmati xabar qildi.«Koson tumani hokimligi fuqarolar bilan ishlashda ochiqlik va oshkoralikka doim amal qilib keladi. Bunga yaqinda tuman hokimi kabineti xalq qabulxonasiga aylantirilgani yaqqol misol bo‘ladi», — deyiladi xabarda.

Qolaversa, hokimlik xalq bilan o‘rtadagi har qanday to‘siqni olib tashlash tarafdori ekanini ma’lum qildi.

Avvalroq Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev ayrim hokimliklarni haligacha panjaralar bilan o‘ralganini tanqid qilgan edi. Koson tumani hokimligi endilikda Koson tumani hokimligi atrofida panjaralar o‘rnatilmasligiga ishonch bildirdi.

«Kichkinagina viloyat tashkilotlari, panjara, panjaradan keyin yana bir to‘siq… O‘zi hech narsa chiqmaydi. Lekin binosini qo‘riqlash kerak. Kimdan qo‘riqlayapsan, deb aytaman. O‘zingning fuqarongdanmi?» — deb so‘radi Zoyir Mirzayev.

«Nima uchun hokimlik yopiq joy bo‘lishi kerak? Men har doim viloyat ma’muriyatiga chaqirilgan hokimlardan old eshikdan kirishni talab qilaman. Nima uchun? Panjaralar yo‘qligini ko‘rishlari uchun», — dedi u.

Hokim fevraldayoq temir to‘siqlarni olib tashlagan G‘uzor tumani hokimini misol qilib keltirdi.

Chiroqchi hokimligini o‘rab turgan panjara. Foto: Chiroqchinews / Telegram.

Shanba kuni viloyatning Nasafnews nashri Kitob, Chiroqchi, Shahrisabz va Koson tumanlari ham panjaralar bilan o‘rab qo‘yilganini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilda Toshkentdagi ko‘plab ma’muriy binolar atrofidagi panjaralar demontaj qilingan edi. Poytaxt va ayrim tumanlar hokimliklari haligacha panjaralar bilan o‘ralgan.