Prezident Shavkat Mirziyoyev 13 avgust kuni Toshkent viloyatining Qibray tumanidagi «Yangi O‘zbekiston» bog‘ida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Toshkentni Chimyon bilan bog‘laydigan yongi yo‘l yoqasida, Akfa University kampusi bilan tutash bog‘ markazida O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlab «Istiqlol» majmuasi bunyod etilmoqda. Ekin dalalari bo‘lgan bu joylarda avvaliga Olimpiya shaharchasi, yo‘lning qarshi tomonida esa dendropark qurilishi rejalashtirilgan edi.

O‘zbekistonni rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasini ifodalovchi daraxtning beshta shoxi ko‘rinishidagi bog‘da 5000 ming o‘rinli amfiteatr (solishtirish uchun — Xalqlar do‘stligi saroyiga 3900 kishi sig‘adi), sun’iy ko‘l, sport va bolalar maydonchalari hamda boshqa obyektlar bo‘ladi.

Davlat rahbari mazkur bog‘ qurilishini 9 iyul kuni ko‘zdan kechirgan, 1 may kuni esa birinchi daraxt ko‘chatlarini o‘tqazish marosimida ishtirok etgan edi. Bog‘ni Mustaqillik kuni (1 sentyabrda) ochish rejalashtirilgan.

Hozirda boqqa manzarali daraxt (aksariyati katta daraxtlar) va gullar o‘tqazilmoqda, yashil hududlar tashkil etilmoqda. «Istiqlol» majmuasi asosiy konstruksiyasi ham o‘rnatib bo‘lindi, qurilish va pardozlash ishlari davom etmoqda.

«Istiqlol» majmuasining asosi tiklanib, qurish va pardozlash ishlari davom ettirilmoqda. Unda O‘zbekistonning 3 ming yillik tarixi, ajdodlarimizning buyuk merosi, xalqimizning milliy qadriyatlari o‘z ifodasini topadi. Prezidentimiz ushbu majmuadan o‘rin oladigan barelef va bezak namunalari bilan tanishdi. Mutasaddi va quruvchilarga o‘z tavsiyalarini berdi", — deyiladi xabarda.