6 iyul kuni fuqaro M.M. IIV JQBB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilib, «Zebo» ismli shaxs Telegram orqali davlat tomonidan bepul emlash uchun berilgan «Covid-19»ga qarshi vaksinasini sotayotganligi haqida e’lon berganligini hamda ushbu shaxsga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar bermoqda.

Mazkur arizaga asosan, 8 iyul kuni IIV JQBB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan Toshkent shahar, Uchtepa tumani, Lutfiy ko‘chasida joylashgan «Gurman» kafesi ro‘parasida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Tadbir jarayonida fuqaro A.Z. fuqaro M.Ya.ga 186 dona ZF-UZ VAC2001 vaksinasini 27 mln 750 ming so‘mga (har bir dozasi uchun 150 ming so‘mdan) sotishini kelishib, ushbu pullar hisobidan 1400 AQSh dollari miqdoridagi pullarni olgan vaqt ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

O‘tkazilgan surishtiruv davrida, A.Z. ushbu vaksinalarni Toshkent shahar Yakkasaroy tumanida joylashgan oilaviy poliklinikalardan birida katta hamshira bo‘lib ishlovchi B.S.dan olganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Yakkasaroy tumani IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan A.Z. hamda B.S.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 186−3-moddasi 2-qismi «b» bandi (Dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.