10 avgust kuni Daryo nashri Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayevni koronavirusga qarshi xitoy-o‘zbek ZF-UZ-VAC-2001 vaksinasi bilan emlangani haqida ma’lum qildi.

Shu kuni «Xalq so‘zi»ning Qashqadaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Ravshan Tulakovga tayanib yozishicha, bahorda haqiqatda Zoyir Mirzayev ZF-UZ-VAC-2001 vaksinasini qabul qilgan. Oradan ma’lum muddat o‘tib, u «Sputnik V» vaksinasi bilan emlangan.

Qayd etilishicha, ikkinchi nomdagi vaksinani ham olish mumkinmi, degan savolga, Ravshan Tulakov, «oradan bir muncha muddat o‘tgach, qabul qilishga tibbiyot ruxsat etadi», deb javob bergan.

Holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot olish uchun Daryo muxbiri Qashqadaryo viloyat hokimligi matbuot kotibi Ahror Sodiqov bilan bog‘langan.

Ahror Sodiqovning ma’lum qilishicha, viloyat rahbari o‘zbek-xitoy vaksinasi bilan ikki marotaba emlangan bo‘lsa-da, antitanachalar ko‘tarilmagani bois boshqa vaksina, «Sputnik V» vaksinasini ham qabul qilgan.

Uning aniqlik kiritishicha, Zoyir Mirzayev o‘zbek-xitoy vaksinasi bilan aprel oyida, «Sputnik V» vaksinasi bilan esa yaqinda emlangan.

Avvalroq, Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi E’zozbek Rizayev bugun fanga bir vaksinani boshqasi bilan qo‘shib emlash nima oqibatga olib kelishi to‘g‘risida ma’lumot yo‘qligini aytgan edi.

«Shuning uchun o‘zboshimchalik bilan qaror qabul qilishga haqqimiz ham yo‘q. Bir necha xil vaksina bilan emlanish natijasida nojo‘ya ta’sirlar ko‘rinishi xavfi bor. Shu sababli yurtdoshlarimizdan o‘z hayotini xavf ostiga qo‘ymasliklarini so‘rab qolamiz», degan edi u.

Koronavirusga qarshi shtab a’zosi kimdir boshqa vaksina bilan emlanishni istasa, «bir vaksinaning to‘liq dozalarini qabul qilganidan 6 oy o‘tgach, boshqa istagan vaksina bilan bir marta emlanish orqali avval shakllangan antitanachalar miqdorini saqlab turishi mumkin», — deya ta’kidlagan edi.

Ma’lumot uchun, o‘zbek-xitoy vaksinasida emlash amalga oshirilgan bo‘lsa, bu 3 bosqichda bo‘ladi. O‘zbekistonga keltirilgan boshqa barcha vaksinalar 2 bosqichda amalga oshiriladi.

«Bu vaksinalar bilan emlashning har bir bosqichida alohida ilmiy tekshiruvlar o‘tkazilgan. Bosqichlar ketma-ketligi saqlansagina to‘liq emlanish amalga oshirilgan, deb xulosa qilinadi», — degan edi E’zozbek Rizayev.