10 avgust kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda YHXBB boshlig‘i Olimjon Saidov «UZB» yoki «AAA» kabi seriyali davlat avtomobil raqamlari 2017 yildan buyon 36 million so‘mga sotilayotganligi, hozirda 50 dona bunday raqamlar qolganligini aytib o‘tdi.

YHXBB axborot xizmatining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, hozirgi kunda auksion savdolariga qo‘yiladigan «AAA» seriyali ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilari qolmagan. Qo‘shimcha qilinishicha, hozirda «AAA» seriyali buyurtma asosida olinadigan 30 tadan ortiq ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilari mavjud.

Qo‘shimcha qilinishicha, buyurtma asosida ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarini olish uchun hududiy YHXB ro‘yxatlash va imtihon olish bo‘limlariga murojaat qilish kerak. «Mavjud bo‘lgan bo‘sh ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgisiga buyurtma berish hamda belgilangan to‘lovlarni amalga oshirgan holda olish mumkin», — deyiladi boshqarma xabarida.