Prezidentning 9 avgustdagi «Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, yetim bolalarga uy-joy ajratishning yangi tizimi joriy etilmoqda:

  • uy-joyga muhtoj va 18 yoshga to‘lgan yetim bola uchun (25 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan) 1 xonali, ular o‘rtasida tuzilgan oila uchun (50 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan) 2 xonali uy-joy ajratiladi.
  • Uy-joy yetim bolaning xohishiga ko‘ra, uning qarindoshlari yashaydigan yoki boshqa hududda yangi qurilgan ko‘p kvartirali uylardan, nogironligi bo‘lgan yetim bolalarga esa birinchi qavatdan «onlayn navbat» (2022 yil 1 sentyabrdan «Ijtimoiy himoya yagona reyestri») asosida ajratiladi;
  • yetim bolalarga uy-joylar mulkka egalik qilish huquqi bilan, biroq bola 30 yoshga to‘lgunicha uni sotish, garovga qo‘yish, ijaraga berish, oila a’zosi bo‘lmagan shaxslarni ro‘yxatga qo‘yish huquqisiz beriladi;
  • 2021 yil 1 dekabrga qadar 757 nafar yetim bolalarga uy-joy ajratish bo‘yicha maqsadli parametr (oxirgi 10 yilda ajratilgan uy-joylar sonidan 1,2 baravar ko‘p) tasdiqlanmoqda.

Uy-joylarni xarid qilish uchun teng ulushlarda respublika va mahalliy byudjetlardan jami 120 mlrd so‘m mablag‘ ajratiladi. 2022 yildan yetim bolalar uchun uy-joy xarid qilish uchun zarur mablag‘lar Davlat byudjeti parametrlarida ko‘zda tutiladi.

Ma’lumot o‘rnida, 2011−2020 yillarda mahalliy hokimliklar tomonidan 610 nafar yetim bolalarga uy-joy berilgan. Bunda, ushbu uy-joylarning 147 tasi joriy, 15 tasi kapital ta’mirga muhtoj, 1 tasi yashash uchun mutlaqo yaroqsiz holatda va 10 tasi belgilangan ijtimoiy normalarga to‘g‘ri kelmaydi. Hozirda yetim bolalar uchun uy-joy bo‘sh turgan yotoqxona va qarovsiz qolgan uy-joylardan ajratib kelinmoqda.