Aleksandr Lukashenko «tez orada» prezident lavozimidan ketishini aytdi

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko «tez orada» prezident lavozimidan ketishi mumkinligini ta’kidladi. Uningcha, bunday qadam respublikaning «parchalanib ketishiga» olib kelishi mumkin. «Tez orada, juda tez orada», — dedi Lukashenko jurnalistning prezident vorisi to‘g‘risidagi savoliga javoban. Shu bilan birga, Belarus rahbari «aniq sanalar haqida taxmin qilishning hojati yo‘qligini» aytdi.

Shu bilan birga, Aleksandr Lukashenko bo‘lajak prezidentlik saylovlarida qatnashmaslikka va unda hech kimni «ilgari surmaslikka» va’da berdi. «Agar prezidentlik saylovlari bo‘lsa, men sizlarga ishtirok etmaslikka, kimnidir ilgari surmaslikka va’da qilaman. Men o‘zimni adolatli tutaman», — dedi prezident. Uning so‘zlariga ko‘ra, prezident saylovlarida «pragmatik, oddiy odamlar g‘alaba qozonadi». «Ma’lum bo‘lishicha, bizda prezidentlikka qadar o‘sishi mumkin bo‘lgan 15−20 kishi bor, ular menga biroz o‘xshaydi. Chunki men ularni tarbiyalaganman, ular mening yonimda o‘sgan», — dedi Lukashenko. Kimlar haqida gap ketayotgani ma’lum qilinmadi.

Shuningdek: Minsk do‘konlariga Litva, Polsha va Ukrainadan kelgan tovarlarni olib tashlash talabi qo‘yildi. Bu Belarusga qarshi sanksiyalar joriy qilinganiga javoban qilinmoqda.


Litva-Belarus chegarasidagi muhojirlar bilan bog‘liq vaziyat

  • Iroq Minskdan 280 ga yaqin iroqlik muhojirni ikki kun ichida olib chiqadi. Bu haqda mamlakat TIV rasmiy vakili Ahmad as-Sahhaf ma’lum qildi. Rasmiy vakil, shuningdek, «Belarus-Litva chegarasida vafot etgan Iroq fuqarosining jasadi Bag‘dodga olib kelinishini» aytdi. Hozirgi vaqtda Belarus hududida Iroqdan mingga yaqin noqonuniy muhojir bo‘lishi mumkin. Ular, Litva tomonining so‘zlariga ko‘ra, noqonuniy trafikning uchdan ikki qismini tashkil etadi. Bundan tashqari, Iroq hukumati Litva va Belarusni iroqlik muhojirlarga insonparvarlik bilan munosabatda bo‘lishga va muammo hal qilinmaguncha Iroq fuqarolarini zarur bo‘lgan barcha narsalar bilan ta’minlashga chaqirdi.
  • Litva o‘z vataniga qaytishga ixtiyoriy ravishda rozi bo‘lgan muhojirlarga 300 yevrolik yordam beradi. Bundan tashqari, Litva Migratsiya boshqarmasi va Davlat chegara xizmati muhojirlarning yo‘l xarajatlarini qoplab beradi.

Gretsiyada o‘n kun ichida 56 ming gektardan ortiq maydon yonib ketdi

Foto: AP/TASS

Foto: STR/Getty Images

Foto: Eviyada 2 mingdan ortiq kishi parom orqali evakuatsiya qilindi, AP/TASS

Mamlakatda jami 154 ta olov o‘chog‘i qayd etilgan. Minglab odamlar o‘z uylaridan evakuatsiya qilingan. Rasmiylar ko‘plab hududlarda, shu jumladan Afina va Kritda, yong‘in xavfi saqlanib qolishi haqida ogohlantirdi. Gretsiyadagi o‘rmon yong‘inlari qurbonlari soni ikki kishiga yetdi. Ta’kidlanishicha, Pefki shahrida o‘nta kema odamlarni evakuatsiya qilish uchun tayyor bo‘lib turmoqda. Yevropa Ittifoqi Gretsiya va O‘rta yer dengizi bo‘yidagi boshqa mamlakatlarga o‘rmon yong‘inlarini o‘chirishda yordam berish uchun fuqarolik muhofazasi mexanizmini ishga soldi. — VVS.

Malida terrorchilar 50 dan ortiq tinch aholini o‘ldirishdi

Malining Niger bilan chegarasi yaqinidagi uchta qishloqda kamida 51 kishi «Islomiy davlat» jangchilari tomonidan o‘ldirilgan. TASSning Reuters’ga tayanib xabar berishicha, hujum 8 avgust kuni kechqurun bir vaqtning o‘zida uchta qishloqqa — Karu, Uataguna va Dautegeftga uyushtirilgan.

Shuningdek: Mozambik va Ruandaning maxsus kuchlari bo‘linmalari deyarli bir yil davomida Afrika mamlakatining shimolida faoliyat yuritayotgan terrorchi guruhlar qo‘lida bo‘lgan Mosimboa-da-Praya shahar-portini qaytarib oldi. «Islomiy davlat» terrorchilik guruhining afrikalik tuzilmalari deyarli bir hafta davom etgan janglardan so‘ng 2020 yil 12 avgustda Mosimboa-da-Prayani egallab olishgan edi.


Shuningdek:

  • Afg‘oniston shimolidagi strategik ahamiyatga ega bo‘lgan Qunduz shahri «Tolibon» harakati vakillari tomonidan egallandi. Shahardagi janglar oqibatida halok bo‘lganlar orasida tinch aholi qurbonlari, ayollar va bolalar borligi aytilmoqda. Juma kuni harakat vakillari Zaranj va Shibarganni egallashgan. Bundan tashqari, Taxor provinsiyasi markazi Talukan, Sari-Pul viloyati markazi Sari-Pul, Samangan provinsiyasi markazi Aybak shaharlari toliblar nazoratiga o‘tgani aytilmoqda.
  • Saudiya Arabistoni hukumati koronavirusdan vafot etgan tibbiyot xodimlarining oilalariga 500 ming rial (133333 dollar) miqdoridagi moliyaviy yordam ajratadi. Tovon oluvchilar orasida saudiyalik va chet ellik ishchilarning qarindoshlari, shu jumladan davlat va xususiy sog‘liqni saqlash sohasidagi fuqaro va harbiy xizmatchilar bor.
  • Qirg‘iziston sobiq prezidenti Asqar Akayev Moskvaga uchib ketdi. «Agar kerak bo‘lsa, tergov organlari tomonidan zarurat tug‘ilsa, u orqaga qaytishi mumkin», — dedi uning yordamchisi Bolot Januzoqov. Shu bilan birga, Akayev respublikadagi eng yirik oltin koni — Kumtorni o‘zlashtirishda yo‘l qo‘yilgan xatolar uchun mamlakat fuqarolaridan kechirim so‘radi. «Aziz yurtdoshlar, men qilgan xatolarim uchun, Qirg‘iziston xalqining Kumtor loyihasiga bo‘lgan umidini oqlamaganim uchun chin dildan uzr so‘rayman. Hukumat ustidan tegishli nazoratning yo‘qligi kanadalik sarmoyadorlarga konni to‘liq nazorat qilish imkonini berdi va ular katta daromad olishdi. Qirg‘izistonga esa kam miqdorda dividendlar ajratilib, yildan-yilga ekologik muammolarni olib keldi. Bularning barchasini inobatga olgan holda, men tergov bilan to‘liq hamkorlik qilaman va bundan keyin ham davom etaman», — dedi Akayev videomurojaatida. Avvalroq, Askar Akayev Bishkekka olib kelinganligi haqida xabar bergan edik.
  • Muhammad Mohber Eron birinchi vitse-prezidenti etib tayinlandi.
  • JSST SARS-CoV-2 koronavirusining yangi variantlariga yulduz turkumlari nomlari berilishi mumkin. Tashkilot mutaxassisi Mariya Van Kerkxovening ta’kidlashicha, SARS-CoV-2 virusining variantlarini belgilash uchun yunon alifbosining 24 ta harfi yetarli bo‘lmasligi mumkin. «Bizga yunon alifbosi yetarli bo‘lmasligi mumkin, lekin biz keyingi nomlar seriyasini o‘rganmoqdamiz», deb tushuntirdi u. Bunga muqobil sifatida qadimgi yunon xudolari va ma’budalari nomlari ilgari taklif qilingan, biroq bu variantdan voz kechishga qaror qilindi. Avvalroq, JSST koronavirus shtammlarini yunon alifbosidagi harflar bilan nomlashga qaror qilgani haqida yozgan edik.
  • Kamida 291,1 ming yapon aholisi «Lupit» tayfuni sababli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ko‘chki va suv toshqini xavfi tufayli evakuatsiya qilinishi mumkin. Ta’kidlanishicha, tegishli ko‘rsatmalar Xirosima va Simane g‘arbiy prefekturalari, shuningdek, Ayti shahri markazlari aholisiga taalluqli.
  • Kuba hukumati norozilik namoyishlari ortidan kichik va o‘rta xususiy tadbirkorlikni qonuniylashtirdi. Yangi qoidalarga ko‘ra, ishchilar soni 100 kishigacha bo‘lgan korxonalarga ruxsat beriladi. Kuba rahbari Migel Dias-Kanelning aytishicha, mamlakat iqtisodiy modelini yangilash uchun qat’iy qadamlar tashlamoqda. Bundan avval, Kubada oziq-ovqat va dori-darmonlarni bojsiz olib kirishga ruxsat berilgan edi.