Iyun oyida umumta’lim fanlaridan milliy sertifikat uchun o‘tkazilgan test sinovlarining savollari oldindan tarqab ketganligi ma’lum bo‘lgan edi.

11 iyun kuni Telegram`dagi «TentakMinds» kanali Buxoro viloyatida kimyo va biologiya fanlari bo‘yicha milliy test tizimi topshiriqlari (savollari) tarqalib ketgani va Davlat test markazi (DTM) tomonidan tekshiruv olib borilayotgani haqida xabar tarqatgan edi.

«Gazeta.uz» ushbu holat bo‘yicha surishtiruv olib borganda, tahririyat manbasi Namangan viloyatida kimyo va biologiya fanlari bilan bir qatorda, ona tili va adabiyot fanidan ham test topshiriqlari sotilganligini, test topshiriqlari «DTMga aloqador shaxs» yordamida olib chiqilganligini aytgan edi.

O‘shanda Milliy sertifikat uchun test topshiriqlari tuzishga jalb qilingan ekspertlardan biri «To‘raqo‘rg‘ondagi (Namangandagi tuman — tahr.) tayyorlov kursida tayyorlanganlar testlarda qanday natija ko‘rsatgan? Namangan viloyatining boshqa tumanlarida natija qanday, To‘raqo‘rg‘on bilan statistikasi bir xilmi? Boshqa viloyatlarning natijalari qanday?» singari savollarni o‘rtaga tashlagan edi va DTM bayonotida bunday ma’lumotlar e’lon qilinishi kerakligini ta’kidlagan edi.

5 avgust kuni Davlat test markazi biologiya fanidan test sinovlarida testologiya mezonlari buzilganligini ma’lum qildi.

10 iyun kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida biologiya (2 473 nafar) fanidan milliy sertifikat uchun test sinovlari bo‘lib o‘tdi.

Qayd etilishicha, mazkur test sinovi natijalari Davlat test markazi tomonidan hisoblanib, tahlil qilinganda biologiya fanidan test topshiruvchilar ballarining chastota taqsimotida normal taqsimotdan katta og‘ishlar mavjud ekanligi aniqlangan. Ya’ni biologiya fani bo‘yicha test natijalari tahlili testologiya mezonlari buzilganligini, aniqroq qilib aytganda natijalar ayrim hududlarda juda yuqori ekanligini ko‘rsatgan.

«Biologiya fani bo‘yicha test natijalari tahliliga ko‘ra testologiya mezonlari buzilganligi, talabgorlarning biologiya fanidan maktabda olgan o‘rtacha baholari bilan test sinovidagi natijalari o‘rtasida tafovutlar yuqori ekanligi hamda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘lganligi uchun xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda 10 iyun kuni biologiya fanidan milliy sertifikat uchun o‘tkazilgan test sinovi natijalari e’lon qilinmasligini ma’lum qilamiz», — deyiladi bayonotda.

DTM ta’kidlashiga ko‘ra, 10 iyun kuni biologiya fani bo‘yicha test sinovida ishtirok etgan barcha talabgorlarning to‘lovi to‘liq qaytariladi.

Test topshirganlar barcha abituriyentlar kabi OTMlarga kirish test sinovlarida mutaxassislik fanlarining har biridan 20 ta test topshirig‘i (milliy sertifikat imtihonidagi 50 ta test topshirig‘i o‘rniga) va 1 soatdan vaqt berilishi belgilandi, deyiladi xabarda.