Yengil atletika. Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlari doirasida ayollar o‘rtasidagi ko‘p kurash bahslarida bugun 4 dasturda bellashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Ushbu yo‘nalishda Yekaterina Voronina O‘zbekiston sharafini himoya qildi. Bugungi dasturlar davomida u 100 metrga to‘siqlar osha yugurish va 200 metrga yugurish dasturlarida o‘z shaxsiy rekordini yangilashga muvaffaq bo‘ldi.

Yekaterina Voronina.

Quyida Voroninaning bugungi dasturlarda qayd etgan natijasi va to‘plagan ochkolarini havola etamiz:

  • 100 metr, to‘siqlar osha: 14.19 soniya (952 ochko);
  • Balandlikka sakrash: 1.77 metr (941 ochko);
  • Yadro uloqtirish: 13.76 metr (778 ochko):
  • 200 metr: 24.67 soniya (917 ochko);
  • Jami: 3588

Hozirda Voronina 3588 ochko bilan 20-o‘rinda turibdi. Ma’lumot uchun, Voronina ertaga ham bellashuvlarni davom ettiradi.

Kanoeda eshkak eshish. O‘zbekistonlik kanoechi qizlar Dilnoza Rahmatova hamda Nilufar Zokirova Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlaridagi ishtiroklarini 200 metr yakkalik bahslarida saralash bosqichidan boshlashdi.

Nilufar Zokirova. Foto: MOQ axborot xizmati

Birinchi guruhda startga chiqqan Zokirova 49.686 soniya natija bilan o‘z guruhida 6-natijani qayd etdi. 4-saralash guruhida ishtirok etgan Rahmatova 47.716 soniyada marraga yetib keldi va beshinchi natijani qayd etdi. Ushbu natijalar ularga chorak final bahslarida qatnashishga imkoniyat berdi.

Dilnoza Rahmatova. Foto: MOQ axborot xizmati

200 metr masofaga kechgan chorak final bellashuvida dastlab Nilufar Zokirova startga chiqdi. U o‘z guruhida 48.995 soniya natija bilan oltinchi bo‘lib marraga yetib keldi va yarim final yo‘llanmasidan quruq qoldi. Ikkinchi guruhda Dilnoza Rahmatova 46.645 soniya ko‘rsatdi. Ammo bu natija ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan rossiyalik sportchidan 0.008 soniya pastroq natija bo‘ldi va Rahmatova ham yarim finalga yo‘l ololmadi. Reglamentga ko‘ra, chorak finalda o‘z guruhlaridan eng yaxshi natija qayd etgan ikki nafardan sportchi keyingi davrada ishtirok etadi.

Erkin kurash. O‘zbekistonlik erkin kurashchilar ham Tokio-2020 dasturidagi ishtirokini boshlashdi. Ular orasida dastlab Javrail Shapiyev 86 kg vazn toifasida gilamga chiqdi.

Javrail Shapiyev (ko‘k kiyim). Foto: MOQ axborot xizmati

Raqib Rio-2016 Olimpiadasi va ikki karra jahon chempioni eronlik Hasan Yazdani bo‘ldi. Yazdani yakunda g‘alaba qozonib, keyingi davraga yo‘l oldi. Raqibi finalgacha yetib borganligi uchun Shapiyev bronza medallari uchun kurashni davom ettiradigan bo‘ldi.

Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlari doirasida G‘ulomjon Abdullayev (57 kg) o‘zbekistonlik erkin kurashchilarning ilk g‘alabasiga mualliflik qildi. Abdullayev dastlabki davrada xitoylik polvonni mag‘lub etdi.

Mingxu Liuga qarshi kechgan qiziqarli kurashda Abdullayev g‘alabani o‘z foydasiga hal qildi va chorak finalga yo‘l oldi.

G‘ulomjon Abdullayev (qizil kiyim). Foto: MOQ axborot xizmati

G‘ulomjon Abdullayev chorak final bahsini so‘nggi 2 jahon chempionatining g‘olibi rossiyalik Zaur Uguyevga qarshi o‘tkazdi. Abdullayev 6:4 hisobida oldinda borayotgan payt bahs yakunlanishiga bir necha soniyalar qolganda Uguyev 2 ball ishlab olib, g‘alabani o‘z foydasiga hal qilib ketdi. Abdullayevning raqibi Uguyev ham finalgacha yetib bordi va unda ham bronza medallari uchun kurashni davom ettirish imkoniyat mavjud.

G‘ulomjon Abdullayev (57 kg) va Javrail Shapiyev (86 kg) ertaga ronza medali uchun kurashni davom ettirishadi.

Endi o‘zbekistonlik kurashchilar dastlab o‘tish bosqichidagi raqiblarini mag‘lub etishi kerak. Demak, ertaga ularning o‘tish bosqichidagi va uni muvaffaqiyatli yakunlagan taqdirlarida bronza medali uchun kurashadigan raqiblari quyidagicha:

  • 57 kg: G‘ulomjon Abdullayev / Tomas Gilman (AQSh) — Rizo Atri (Eron);
  • 86 kg: Javrail Shapiyev / Stefan Reyxmus (Shveysariya) — Artur Nayfonov (ROQ).

Shuningdek, ertaga 74 kg vazn toifasida Bekzod Abdurahmonov ham o‘z ishtirokini boshlaydi. Unga birinchi davrada Puerto-Riko vakili Franklin Gomes raqiblik qiladi.

Boks. Super og‘ir vazn toifasida Olimpiada oltin medali uchun jang qilayotgan Bahodir Jalolov yarim final bahsida britaniyalik Freyzer Klarkka qarshi ringga chiqdi. Jangda Jalolov o‘zining kuchli zarbalari bilan raqibini ojiz qoldirdi. 3-raund o‘tib borayotgan bir vaqtda raqibning jarohati sabab bellashuv to‘xtatildi. O‘sha vaqtgacha hisoblangan ochkolar soni bo‘yicha Jalolov yaqqol ustunlik qildi va Olimpiada finaliga yo‘l oldi.

Bahodir Jalolov (qizil kiyim). Foto: MOQ axborot xizmati

Oltin medal uchun kechadigan bahsda unga AQSh vakili Richard Torres raqiblik qiladi. Torres yarim finalda qozog‘ichtonlik Qashibek Ko‘nkabayevni mag‘lub etdi. Final bahsi 8 avgust kuni Toshkent vaqti bilan 11:15 da boshlanadi.

Ma’lumot uchun, Bahodir Jalolov Richard Torres bilan 2019 yilgi Jahon chempionatida yuzma-yuz kelib, uni nokautga uchratgan.

Xabar e’lon qilingan vaqtda O‘zbekiston ikkita oltin va bitta bronza medali bilan musobaqa jadvalining 28-pog‘onasini egallab turibdi.