Toshkent telekanali efirida yana bir Malibu avtomashinasining YPX xodimi tomonidan to‘xtalishi aks etgan lavha uzatildi. Unda inspektor Baxtiyor A. haydovchining rulda telefonda gaplashib kelayotganini ko‘rib, uni to‘xtatadi.

YPX xodimi haydovchiga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzmoqchi bo‘lganida haydovchi 25 marta radar bo‘yicha jarima to‘laganini, 5 nafar bolasi borligini aytib, uni qo‘yib yuborishni so‘raydi. Keyin haydovchi o‘z telefonidan tanishiga qo‘ng‘iroq qilib, telefonni YPX xodimiga uzatadi.

Xodim telefondagi shaxsga salom berib, o‘zini tanishtirdi. “Labbay, xo‘jayin, tuzukmisiz… Xo‘p, xo‘p”, — deya qo‘ng‘iroqni yakunladi.

Shundan so‘ng u haydovchiga farzandining mazasi yo‘q bo‘lsa, buni “chiroyli qilib tushuntirish kerakligi"ni aytadi va uni “ogohlantirib” qo‘yib yuboradi.

Daryo`ning yozishicha, telefon orqali haydovchini qo‘yib yuborishni buyurgan shaxsning ismi “Abdurazzoq aka” bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham Toshkent viloyatida YPX xodimi Malibu haydovchisiga protokol tuzmoqchi bo‘lganida, unga ratsiya orqali haydovchini qo‘yib yuborish bo‘yicha buyruq berilgandan keyin qo‘yib yuborgan edi.

Keyinroq YPX xodimiga ratsiya orqali chiqib, haydovchini qo‘yib yuborish buyurgan komandirga intizomiy jazo qo‘llanilgani, “O'ZTEMIRYO'LMASHTAʼMIR” korxonasiga tegishli mashina haydovchisi esa xavfsizlik kamarini taqmagani uchun jarimaga tortilgani haqida xabar berilgan.