Tojikistonda 5 -10 avgust kunlari Tojikiston, O‘zbekiston va Rossiya qo‘shinlari ishtirokida uch tomonlama mashg‘ulotlar o‘tkaziladi, deya xabar bermoqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz» ga.

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi bo‘linmasi mashg‘ulot o‘tkaziladigan joyga kolonnada yurish qildi. Qo‘shni davlat hududida kolonnada yurishlariga O‘zbekiston havo kuchlarining MI-35 jangovar vertolyotlari hamrohlik qildi.

Mashg‘ulotlarda tashqi tahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha vazifalar ustida ishlash kerak bo‘ladi. Mazkur hamkorlikdagi mashg‘ulotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlikni mustahkamlash, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarning oldini olish va o‘zaro tajriba almashishdan iborat.

Rossiya Mudofaa vazirligi xabariga ko‘ra, mashg‘ulotlar Tojikistonning Harb-Maydon poligonida o‘tkaziladi. O‘zbekistondan 200 ga yaqin harbiy xizmatchi qatnashmoqda, 20 dan ortiq harbiy texnika jalb qilinadi, deyiladi xabarda.

Mashg‘ulotning asosiy bosqichida uch davlat harbiy xizmatchilari davlat chegarasini kesib o‘tgan noqonuniy qurolli guruhni yo‘q qilish bo‘yicha taktik harakatlarni ishlab chiqadilar, deb yozadi Rossiya Mudofaa vazirligi.

Mashg‘ulot Afg‘onistonda hukumat kuchlari va «Tolibon» harakati o‘rtasidagi to‘qnashuvlar fonida o‘tkazilmoqda.

Foto