Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahar sudida 31 iyul kuni Andijon viloyati hokimiyati yaqinidagi yo‘lni to‘sib qo‘ygan fuqarolar (15 ayol va 2 erkak) ishi bo‘yicha sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Mazkur holat aks etgan videoyozuv ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan edi.

Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, shanba kuni fuqarolar hokim Shuhrat Abdurahmonovning qabuliga kelishgan, biroq qabul jadvaliga o‘zgartishlar kiritilgani sababli ular hokimning birinchi o‘rinbosari Otabek Tursunov qabuliga yuborilgan. Viloyat hokimligi matbuot xizmatining qayd etishicha, 29 iyul kuni hokimligining barcha rasmiy sahifalari hamda boshqa OAVlar orqali jadvalga o‘zgartishlar kiritilgani to‘g‘risida xabar berilgan.

Hokimlik xodimlari tomonidan tushuntirish ishlari olib borilganiga qaramasdan, fuqarolar viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari qabuliga kirishdan bosh tortgan va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, hokimiyat binosi yaqinidagi avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘yishgan.

Mazkur holat yuzasidan Andijon IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilib, yig‘ilgan materiallar jinoyat ishlari bo‘yicha shahar sudiga topshirilgan.

Sud qarori bilan barcha fuqarolar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183 (mayda bezorilik), 194-modda 1-qismi (militsiya xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) va 201-modda 1-qismi (yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibini buzish) bo‘yicha aybdor deb topilib, 11 kishi 8−15 sutkaga qamoqqa olindi, qolganlar BHMning 7 baravari (1 mln 715 ming so‘m) miqdorida jarimaga tortildi.

Iyul oyi boshida Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanidagi «Ayritom» qishlog‘ida yashovchi fuqarolar iyun oyida elektr ta’minotidagi muammolarga e’tiborni jalb qilish uchun Toshkent-Qarshi temir yo‘lini to‘sib qo‘ygani uchun 15 sutkaga qamalgan edi.