Ayni paytda bo‘lib o‘tayotgan Oliy Majlisi Senatining o‘n yettinchi yalpi majlisida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarni kesilishiga doir masalalar yuzasidan axboroti eshitildi. Bu haqda Senat matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar berdi.

Prezident farmoni bilan e’lon qilingan daraxtlarni kesishga moratoriy davrida 5 mingdan ortiq jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan 166 ming tup atrofida qimmatbaho navli davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarni kesishga ruxsat so‘rab qilgan murojaatlar rad etilib, daraxtlarning barchasi saqlab qolingan.

Biroq, daraxtlarninng noqonuniy kesilishi haligacha davom etmoqda. Majlisda ta’kidlanishicha, huquqbuzarlikni sodir etgan shaxslar jarimani to‘lagan holda yana shu kabi noqonuniy ishlarni davom ettirishmoqda.

«Odamlar jarima to‘lab, yana daraxt kesishni davom ettiryapti. Shuning uchun qo‘mitaning bu boradagi yangi takliflari davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanyapti. Bu ishlarni uzoqqa cho‘zish kerak emas. Chunki, bir daraxtni ekib, katta qilguncha bitta avlod ulg‘ayadi. U o‘zidan kislorod chiqarib, atrofga soya-salqinlik berganiga qadar ko‘p vaqt o‘tadi», — deya ta’kidladi Senat raisi Tanzila Narbayeva.

Ma’lumotga ko‘ra, 2021 yilning 6 oyi davomida respublikada daraxt va butalarning noqonuniy kesilishi bilan bog‘liq 2 597 ta huquqbuzarlik sodir etilgan va o‘simlik dunyosiga 6,7 mlrd so‘m zarar yetkazilgan. Aniqlangan huquqbuzarliklar natijasida 2 407 ta qimmatbaho navli daraxt, 2 109 ta kam qimmatli daraxt, 1744 m3 butalar noqonuniy kesilgan.

2021 yilning boshidan daraxt va butalarning noqonuniy kesilishi va shikastlantirilishi bilan bog‘liq holatlar hududlar kesimida tahlil etilganda eng ko‘p Qoraqalpog‘iston Respublikasi (1 065 ta), Samarqand (609 ta), Qashqadaryo (534 ta), Navoiy (349 ta), Toshkent (344 ta) viloyatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

«Daraxtlar ayovsiz kesilishi davom etar ekan, tizimda shaffoflik ta’minlanmas ekan, hududlarning obodligi va odamlarni rozi qilish haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Shuning uchun ham mutasaddi vazirlik-idoralar, hududiy tuzilmalardan mazkur masalalarda javobgarlikni keskin kuchaytirish, jazo muqarrarligini ta’minlash talab etiladi. Shuningdek, daraxtlar muhofazasi borasida hamma uchun tushunarli va ochiq bo‘lgan yaxlit tizim yaratish bo‘yicha ishlarni qayta ko‘rib chiqish kerak. Bunda raqamlashtirish masalasiga ham alohida e’tibor berish kerak», — dedi Senat raisi.

Majlisda Ekologiya qo‘mitasining faoliyati ham tanqid ostiga olindi. Ta’kidlanishicha, prezidentning 2020 yil 24 avgustdagi PF-6044-sonli farmoniga muvofiq, davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesishga ruxsatnoma berish vakolatini mahalliy davlat hokimiyati organlaridan Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi organlariga berishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqilishi kerak edi. Biroq shu kunga qadar mazkur topshiriq bajarilmagan.

Hukumatning 2018 yil 31 martdagi 255-sonli qarori bilan hududiy ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish organlari davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarni kesishga oid o‘z xulosalarini tumanlar (shaharlar) hokimliklariga yuborishi va o‘z navbatida mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan ruxsatnoma berish amaliyoti joriy etilgan. Aynan ushbu amaliyot o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning noqonuniy kesilishiga ruxsat berishga shart-sharoit yaratib berayotganligi aytildi.

Qolaversa, Vazirlar Mahkamasining 2019 yildagi qarori bilan Davlat ekologiya qo‘mitasiga daraxtlarni muhofaza qilish maqsadida ularning soni, turi, yoshi, tanasining diametri, geografik joylashuvi va boshqa parametrlari bo‘yicha hisobga olish hamda reyestrini yuritish topshirilgan. Ammo qo‘mita tomonidan jamoatchilikka bu haqda axborot taqdim etib borilmagan.

Ushbu qarorga ko‘ra, daraxtlarning xatlovi har besh yilda bir marta o‘tkazilishi natijasida respublikada o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar kesilishi bilan bog‘liq holatlarning ko‘payishiga hamda aniq statistik ma’lumotlar yuritilmasligiga sabab bo‘lmoqda.

Bundan tashqari, senatorlar tomonidan yangidan ekilgan daraxtlarning hisobini yuritish, ko‘chatlarning yagona elektron bazasini yaratish va unga hududlarda ekilgan ko‘chatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kiritib borish ishlari ham tizimli tashkil etilmaganligi ham alohida qayd etildi.

«Berilgan moratoriy sizlarga imkoniyat edi. Mazkur muddatda sizga mana shu ishlarni to‘g‘rilab olishingiz berilgan. Moratoriy — bu daraxt kesilmasinu, buyog‘iga kesaverilsin degan muddat emas edi. Qonunchilikni takomillashtirish, mexanizmlarni qayta ko‘rib chiqish, jamoatchilik bilan aloqalarni o‘rnatish, kadrlarni masalasini hal qilish, turdosh vazirlik va idoralar, tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytirish va shu kabi masalalarni qayta ko‘rib chiqib, moratoriy davrida yakunlab olishingiz kerak edi. Moratoriy tugagandan keyin ushbu mexanizmlar ishga tushib ketsa edi, hammasi joyiga tushib ketardi», — dedi Tanzila Narbayeva.

Shuningdek, Senat raisi hududlarda daraxtlar qurib qolayotganligiga ularga yetarlicha e’tibor berilmaganligi sabab bo‘layotganligini qayd etdi.

«Hududlarda ekologiya xodimlari faol ishlashi kerak, joylardagi daraxtlarning chang bosib yotishi tufayli, yetarli e’tibor berilmayotganidan qurib qolishi tabiiy. Ayniqsa, tomchilatib sug‘orish bo‘yicha aniq ish olib borish kerak. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bu borada boshqa davlatlarning tajribasini o‘rganishi lozim. Suv tanqisligi faqat O‘zbekistonda emas-ku. Qanday qilib boshqa davlatlar mavjud imkoniyatlardan foydalanyapti? Lekin ularda hamma joy ko‘m-ko‘k. Ular daraxtlarga shikast yetkazilsa fojiadek qabul qilishadi. Bizda esa bu oddiygina holatdek bo‘lib ketyapti», — dedi u.