Tokiodagi Olimpiya o‘yinlarining yettinchi kunida besh nafar sportchi O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida ishtirok etdi.

Dzyudo. +100 kg vazn toifasida bellashuvda qatnashgan O‘zbekistonlik dzyudovchi Bekmurod Oltiboyev birinchi davra bahslarida mo‘g‘ilistonlik Durenbayar Ulzibayarni ippon bahosi bilan yutib, chorak final yo‘llanmasi uchun kurashadigan bo‘ldi.


Bekmurod Oltiboyev. Foto: Milliy Olimpiya qo‘mitasi.

Uning ushbu bosqichdagi raqibi niderlandiyalik Xenk Grol bo‘ldi. Ushbu bahsda ham Bekmurod Oltiboyev g‘alaba qozondi va chorak finalga yo‘l oldi.

U chorak finalda Chexiya vakili Lukash Krpalek bilan kechgan kurashda vazari bahosi bilan mag‘lub bo‘ldi va bronza medali uchun o‘tish bahslarida ishtirok etadigan bo‘ldi.

Bronza medali uchun o‘tish bosqichida ukrainalik Yakiv Xamnoga qarshi kechgan bellashuvda Oltiboyev vazari bahosi bilan imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Shu tariqa u yakkalik bahslarida ishtirokini tugatdi.

Boks. Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarida o‘zbekistonlik bokschi Bobousmon Baturov 69 kg gacha vazn toifasida chorak final doirasida jang o‘tkazdi. Bu bosqichda unga so‘nggi jahon chempionati finalchisi raqiblik qildi.


Bobousmon Baturov raqibiga qarshi. Foto: Milliy Olimpiya qo‘mitasi.

Britaniyalik Pet Makkormakka qarshi bahsda Baturov 2 va 3-raundlarda tashabbusni boy berib qo‘ydi va ushbu bosqichda Olimpiada bilan xayrlashdi.

O‘zbekistonlik qiz bola bokschilardan Rayhona Qodirova Tokio-2020 yozgi Olimpiya o‘yinlaridagi dastlabki jangini o‘tkazdi. Qashqadaryolik bokschi Afrika vakilasiga qarshi bahs olib bordi.


Rayhona Qodirova raqibasiga qarshi. Foto: Milliy Olimpiya qo‘mitasi.

Kongo DR vakilasi Yumba Naomiyega qarshi jang o‘zbekistonlik sportchining ustunligida o‘tdi va bu yakunda hakamlarning bahosida ham o‘z isbotini topdi. Endi Qodirova yarim finalga chiqish uchun amaldagi jahon chempioni braziliyalik Beatriz Ferreyraga qarshi ringga ko‘tariladi.

Suzish. Suzish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi vakilasi Natalya Kritinina Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlaridagi ishtirokini yakunladi. U saralash bosqichidayoq musobaqadan chiqib ketdi. 50 metrga suzish dasturida ishtirok etgan Kritinina 26.93 soniya natija qayd etdi. Bu oltinchi saralash guruhi vakillari orasidagi eng past ko‘rsatkich.

Natalya Kritinina. Foto: Milliy Olimpiya qo‘mitasi.

Yengil atletika. Bugundan Tokio-2020 doirasida yengil atletika bahslari boshlandi. Uch hatlab sakrash bo‘yicha saralashning «A» guruhida ishtirok etgan o‘zbekistonlik Roksana Xudoyorovaning uchinchi urinishidan keyin eng yaxshi ko‘rsatkichi 13.02 metrni tashkil etdi. Bu natija unga final dasturiga yo‘l olish uchun kamlik qildi. Finalga yo‘l olgan eng past ko‘rsatkich egasining natijasi esa 14.21 metrni tashkil etdi.

Roksana Xudoyorova. Foto: Milliy Olimpiya qo‘mitasi.