28 iyul kuni AQSh prezidenti Jo Bayden Oq uyda Belarus oppozitsiyasi rahbari Svetlana Tixanovskaya bilan uchrashdi.

«Svetlana Tixanovskaya bilan bugun ertalab Oq uyda uchrashish men uchun sharaf edi. Qo‘shma Shtatlar Belarus xalqini demokratiya va umumbashariy inson huquqlari yo‘lida qo‘llab-quvvatlaydi», — deya Jo Bayden Twitter`da yozib, suhbatlari aks etgan fotosuratni joylashtirdi.

Svetlana Tixanovskaya, o‘z navbatida, AQSh prezidentiga «o‘zlarining erkinliklari uchun tinchlik bilan kurashayotgan millionlab qo‘rqmas belaruslar bilan birdamlikning kuchli belgisi» uchun minnatdorlik bildirdi va Jo Baydenni Belarusga «demokratiyaga zo‘ravonliksiz o‘tishning muvaffaqiyatli namunasi bo‘lishiga yordam berishga» chaqirganini ma’lum qildi.

Tixanovskaya AQShga safari doirasida davlat kotibi Entoni Blinken, AQSh milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan, USAID rahbari Samanta Pauer va belarus diasporasi vakillari bilan ham uchrashdi.

Iyun oyi boshida Ryanair samolyotining majburan qo‘ndirilishi va muxolifatchi jurnalist Roman Protasevichning hibsga olinishiga javoban AQSh, Yevropa Ittifoqi, Kanada va Buyuk Britaniya rasmiylari Belarusga qarshi sanksiyalarni kengaytirgan edilar.