Prezidentning 2019 yil 4 dekabrdagi “O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi фармонига muvofiq, O‘zbekistonda 2021 yil 1 yanvardan boshlab Kapital bozorini rivojlantirish agentligi tomonidan litsenziya olish orqali bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga ruxsat berish nazarda tutilgan edi.

Shu bilan birgalikda onlayn qimor bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar, ishtirokchilar majburiyatlarini tartibga solish, kelishilgan o‘yinlarning oldini olish maqsadida Kapital bozorini rivojlantirish agentligiga Ma’muriy va Jinoyat Kodeksiga tegishli qo‘shimcha hamda o‘zgartirishlar kiritish vazifasi yuklatilgan edi.

Ma’lumot uchun, Kapital bozorini rivojlantirish agentligi aprel oyining boshida tugatilgan va uning barcha vakolatlari Moliya vazirligiga o‘tkazilgan edi.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi 2021 yil 1 yanvardan kuchga kirgan prezident farmoni ijrosini o‘rganish olib borganligini ma’lum qildi. Shu maqsadda, agentlik mart oyida Kapital bozorini rivojlantirish agentligiga so‘rov xati yuborgan.

Kapital bozorini rivojlantirish agentligi 2021 yil 25 martda taqdim etgan ma’lumotda o‘sha vaqtda litsenziyalash bo‘yicha hukumatning qaror loyihalari ishlab chiqilayotganligi hamda O‘zbekiston hududida bukmekerlik va totalizator faoliyatini amalga oshirish uchun biron-bir xo‘jalik yurituvchi subyektlarga litsenziya berilmaganligi qayd etilgan.

“Yuqoridagilarga asoslanib, MJTKning 191-moddasiga (Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar) va JKning 278-moddalariga (Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish hamda o‘tkazish) muvofiq bukmekerlik va totalizator kabi faoliyat turi hali ham qonuniy emas”, — deyiladi xabarda.

Agentlik “Reklama to‘g‘risida"gi qonunning 6-moddasiga (Reklamaga doir asosiy talablar) muvofiq ishlab chiqarilishi yoki realizatsiya qilinishi qonun hujjatlari bilan taqiqlangan mahsulot to‘g‘risida axborot tarqatish taqiqlanishini eslatdi.