Iyul boshida Eurasianet hukumat kuchlari va «Tolibon» o‘rtasidagi janglar bo‘lib o‘tayotgan Afg‘onistonning chegaradosh hududlaridan qochqinlar oqimi kirib kelishi kutilayotgani munosabati bilan O‘zbekistonning Surxondaryo viloyati Termiz shahri yaqinida palatkalar shaharchasi qurilgani haqida xabar bergan edi.

«Gazeta.uz» mazkur xabarni tekshirish uchun 8 iyul kuni DXX Chegara qo‘shinlari qo‘mondonligi rahbariyati nomiga yozma so‘rov jo‘natdi va unga 26 iyul kuni javob oldi.

23 iyul kuni DXX Chegara qo‘shinlari qo‘mondonining birinchi o‘rinbosari Bahodir Musurmonqulov imzolagan xatda qayd etilishicha, Afg‘oniston bilan chegara oldi hududlarda «hech qanday palatkalar qurilayotgani yo‘q». Bundan tashqari, DXX Chegara qo‘shinlarining ma’lumotiga ko‘ra, 2021 yilda Afg‘onistondan birorta ham qochoq O‘zbekiston chegarasini kesib o‘tmagan.

«Davlat chegarasini buzib o‘tgan shaxslar Davlat chegarasi buzuvchilari sifatida qo‘lga olingan va ularga nisbatan O‘zbekiston qonunchiligiga asosan tegishli choralar ko‘rilgan», — deyiladi xatda.

Avvalroq, O‘zbekiston TIV 23 iyun kuni 53 nafar afg‘on chegara qo‘shinlari va mahalliy jangarilar Afg‘onistondan O‘zbekiston hududiga qurol bilan o‘tganini ma’lum qilgan edi. Shundan keyin 27 iyun kuni yana 44 nafar afg‘on askarlari, bir kun avval esa — 3 nafar Afg‘oniston kuch ishlatar tuzilmalari a’zosi O‘zbekiston chegarasini buzishgani ma’lum bo‘ldi.

«Gazeta.uz» so‘roviga ko‘ra, DXX Chegara qo‘shinlari qo‘mondonligi 23−30 iyun kunlari Afg‘oniston Islom Respublikasining jami 150 ga yaqin harbiy xizmatchilari va mahalliy qurolli guruhlar ko‘ngillilari qo‘lga olinganini ma’lum qildi. Surishtiruv va tergovga qadar tadbirlar olib borilganidan so‘ng, afg‘on fuqarolari Afg‘oniston tomoniga topshirilgan.

Chegara qo‘shinlari ma’lumotiga ko‘ra, Afg‘oniston harbiy xizmatchilari va mahalliy qurolli guruhlar ko‘ngillilari O‘zbekiston hududiga Amudaryo daryosidan qayiqlar yordamida o‘tgan.